Iyul oyida tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish natijasida tizimga 40 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan olib borilgan nazorat tadbirlari davomida o‘tgan oyda 573 ta holatda iste’molchilarning gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Bunda 37,6 mln metr kub tabiiy gaz (28,2 mlrd so‘m) va 22,8 mln kVt⋅soat elektr energiyasi (11,8 mlrd so‘m) talon-toroj qilinib, natijada tizimga keltirilgan 40 mlrd so‘m zarar undirishga qaratildi.

Hududlar kesimida eng ko‘p qonunbuzilish holatlari Andijon, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bu hajmdagi tabiiy gaz yoz mavsumida 188 mingta xonadonning, elektr energiyasi esa 114 mingta xonadonning bir oylik iste’molini qoplashga yetadi.

Huquqbuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.

Joriy yilning olti oyida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 2 265 ta holat aniqlangan bo‘lib, hisoblangan zarar 78,5 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, bu davrda 2 695 ta iste’molchi tomonidan jami 242,2 mln kubometr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.

Natijada gaz ta’minoti korxonalariga yetkazilgan zarar miqdori 231,9 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Birinchi yarim yillikda mamlakatda tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmi 23,5 mlrd kub metrni tashkil etib, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 mlrd kub metrga kamaygan.

Elektr energiyasi hajmida sezilarli o‘sish kuzatilib, jami 38,08 mlrd kVt.soatni tashkil etgan. Natijada o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,58 mlrdga oshgan.


Avvalroq beshta metan zapravkada jami 11,5 mlrd so‘mlik tabiiy gaz o‘g‘irlangani haqida xabar berilgandi.