Ayrim tadbirkorlar uchun QQS stavkasining 12% dan 6% ga pasaytirilishi tushumlarning kamayishiga olib kelmaydi. Bu haqda 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i — rais maslahatchisi Yigitali Narziyev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Joriy yilning 1-iyunidan umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi berildi. Bunda QQS stavkasi barcha aylanmalarga nisbatan 6%, foyda solig‘i esa 0% etib belgilandi.
“Ushbu soddalashtirilgan tartib soliq tushumlarining kamayishiga olib kelmaydi, aksincha, bizning prognozlarimizga ko‘ra, tushumlar oshishi mumkin. Buning barchasi hisob-kitob qilingan”, — dedi Narziyev.
U bunga soliq to‘lovchilarining soliqlardan qochish, ularni optimallashtirish yoki daromadlarini yashirish uchun qo‘llab kelgan turli sxemalardan voz kechishi sabab bo‘lishini qayd etdi.
Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘ining ta’kidlashicha, davlat biznesga qulaylik yaratgani evaziga tadbirkorlar ham soliqlarni budjetga to‘liq to‘lashiga umid qilish mumkin. “Ko‘plab tadbirkorlar 'bizga imkoniyat bering, soliqlarni to‘laymiz', degan edi. Davlat shunday imkoniyatni yaratdi. Endi ulardan bunga ijobiy javob bo‘lishi kerak”, — dedi u.
Avvalroq Spot uch karra yer solig‘i bekor qilingani hamda kimlar pullarini qaytarib olishi mumkinligini tushuntirgan edi.