4-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
O‘tgan o‘n yilda Sergelida 30 ming xonadonli uy-joylar, 2 mln kvadrat metr sanoat, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etildi. Tadbirkorlar soni 2,5 mingdan 6,2 mingtagacha, budjet tushumlari esa 382 mlrd so‘mdan 2,2 trln so‘mgacha oshgan.
Yig‘ilishda aholini xatlovdan o‘tkazishning dastlabki natijalari ham ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, ilgari Sergeli aholisi 181 ming nafar deb hisoblangan bo‘lsa, amalda tumanda qariyb 236 ming kishi yashayotgani aniqlangan. Yaqin yillarda esa aholi soni 300 ming nafardan oshishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan prezident uy-joy, maktab, bog‘cha, poliklinika va ish o‘rinlarini aholi o‘sishiga mos ravishda ko‘paytirish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda Sergelini rivojlantirish uchun budjetdan 173 mlrd so‘m, banklar orqali esa 2,2 trln so‘m mablag‘ ajratilgan. Tuman hokimi va mutasaddilarga ushbu mablag‘larni samarali ishlatib, qo‘shilgan qiymatni 2−3 karra oshirish bo‘yicha rejalarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Joriy yil tuman hokimlari jami $9 mlrdlik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishi belgilangan. Sergelining o‘ziga o‘tgan besh oyda $236 mln investitsiya kiritildi. Yil yakunigacha 60 ta loyihani boshlash hisobidan yana $750 mln investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.
Prezident poytaxtda sanoat loyihalarini joylashtirish uchun yer tanqisligi muammosiga ham to‘xtalib, Yangi avlod sanoat zonasidan Toshkentning 12 ta tumaniga yer ajratish va investitsiya hamda sanoat ko‘rsatkichlarini loyiha tashabbuskori bo‘lgan tumanga hisoblash tizimini joriy etishni topshirdi.
Yig‘ilishda yer usti metro yo‘nalishlari ostidagi hududlardan samarali foydalanish masalasi ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, Sergelida metro liniyasining yana 8,5 kilometr qismida savdo va servis obyektlari barpo etilsa, 137 ta yangi obyekt va 1−1,5 mingta ish o‘rni yaratiladi. Bu tuman budjetiga yiliga qo‘shimcha 20−25 mlrd so‘m tushum keltirishi kutilmoqda.
Shuningdek, yer usti metrosining Yashnobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tgan 23 km qismida shunday loyihalar amalga oshirilsa, 400 ga yaqin yangi biznes yo‘lga qo‘yilib, 3 mingta ish o‘rni yaratilishi mumkin.
Yerlarning qurilishga ruxsati, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyihasi bilan birga tayyor paket shaklida auksionga chiqarish bo‘yicha Sergelida yangi tajriba boshlandi.
Yangi Bunyodobod mahallasidagi 70 sotix yer boshlang‘ich 14 mlrd so‘m o‘rniga 40 mlrd so‘mga sotilgani, tadbirkor esa hujjatlar tayyor bo‘lgani sababli qurilishni shu kunning o‘zida boshlagani qayd etildi.
Prezident bu tajribani davlat obyektlari va sanoat zonalarini sotishda ham keng joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Avvalroq Spot Toshkentning Yangi Sergeli ko‘chasi uzluksiz ishlaydigan gastronomik ko‘chaga aylantirilgani haqida yozgan edi.