Ziyobek Turdiev 2000-yil Qashqadaryoda tavallud topgan. Keyinchalik Toshkentdagi Mirobod sanoat-qurilish kollejining avtotransportga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishini tamomlagan. So‘ngra Xalqaro moliya va texnologiyalar maktabida (ISFT) xalqaro moliya, audit va buxgalteriya hisobi yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan.

2019-yildan boshlab logistika va AQSh yuk tashuvlari tizimida o‘z faoliyatini boshlagan. Aynan shu davrda u sohadagi tizimli muammolarni ko‘rib, ularni yagona platforma orqali boshqarishga qaratilgan TheCarGo startapini ishlab chiqishga qaror qiladi.

Ziyobek Spot’ga ushbu loyiha uchun investitsiyani qanday jalb qilgani hamda masofadan turib AQSh bozorida startapini qanday rivojlantirayotgani haqida so‘zlab berdi.


Logistikadan ketmoqchi bo‘lgan paytimda bitta qo‘ng‘iroq hayotimni o‘zgartirdi

2018-yil. Kollejning 2-kursida o‘qib yurganimda to‘yxonada ofitsiant bo‘lib ishlay boshladim. Bir yarim oy ichida 1 mln so‘m ishlab topib, shu mablag‘ga hayotimdagi ilk kompyuterimni sotib oldim. Ish kunlarining birida esa o‘zimga savol bilan yuzlandim: “Bundan ham kattaroq ishlarni qila olsam-chi?”. Shu savol ortidan ishdan bo‘shab, yangi sotib olgan kompyuterim bilan yangi yo‘lga otlandim.

Oradan ko‘p o‘tmay, 2019-yilda kollejni bitirmasdan turib ustozim orqali logistika sohasiga kirib keldim. Qizig‘i shundaki, keyinchalik butun faoliyatim aynan bir paytlar o‘zimga mos emas deb hisoblagan mijozlar bilan ishlash va ular uchun yechimlar yaratish bilan bog‘lanib ketdi.

Biroq 2021-yil o‘rtalarida ishdan ketdim. Keyingi 4−5 oy davomida yangi loyiha uchun hamkor izladim, ammo barcha urinishlarim samarasiz tugardi. Bu davr ruhiy jihatdan og‘ir kechar, ishga bo‘lgan ishtiyoqim ham so‘nib borardi.

O‘zimni chalg‘itish uchun YouTube’da kanal ochib, videolar tayyorlay boshladim. Aynan o‘sha paytda o‘zimga bitta qat’iy va’da berdim: logistika sohasiga faqat o‘z kompaniyamni ochib, mustaqil jamoa tuza olsamgina qaytaman. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, kutilmagan voqea bu rejalarni o‘zgartirib yubordi.

Shu tariqa logistika sohasidan deyarli butunlay ko‘nglim sovigan kunlarning birida, mutaxassisligim bo‘yicha amaliyot o‘tash uchun intervyuga ketayotganimda kutilmagan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, avval logistika sohasiga o‘zim tayyorlagan shogirdim yangi ish joyida juda yaxshi natija ko‘rsatgan ekan. Shundan so‘ng Unlimited distance transportation egasi men bilan bog‘lanib, kompaniyaning operatsion boshqaruvini o‘z zimmamga olish va yangi loyihada hamkor bo‘lishni taklif qilishdi. Aynan shu taklif ichimdagi so‘ngan ishtiyoqni yana uyg‘otib, logistika sohasiga qaytishimga sabab bo‘ldi.

Shu tariqa 2022-yilning fevral-mart oylarida hamkorim bilan yangi Mate Logistics kompaniyasiga asos soldik. Ko‘p o‘tmay sherigimning avvalgi kompaniyasi bankrot bo‘lib, faoliyatini to‘xtatdi. Natijada butun e’tiborimizni yangi tashkil etilgan kompaniyani rivojlantirishga qaratdik.

aqsh, investitisya, logistika, startap, ziyobek turdiev

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

Logistika sohasidagi tizimli muammolar

Logistika dunyodagi eng yirik, shu bilan birga texnologik jihatdan eng konservativ sohalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa AQSh yuk tashish bozorida faoliyat yurituvchi brokerlar hanuz interfeysi murakkab, eskirgan va foydalanish noqulay bo‘lgan dasturlarda ishlashmoqda.

Kompaniyada operatsion boshqaruvni qo‘lga olganimda mijozlar bilan ishlash, narx belgilash, haydovchilarni boshqarish va boshqa kundalik jarayonlar bilan shug‘ullandim. 2022-yil kompaniya uchun muvaffaqiyatli kechdi: $1,5 mln dan ortiq yuk tashish hajmini boshqardik, kompaniyaning brokerlik daromadi esa $320 mingdan oshib, jamoamiz 15 nafargacha kengaydi. Biroq aynan shu bosqichda o‘sish to‘xtab qoldi.

Asosiy muammo: biznes tizim emas, balki odamlar resursi hisobiga ishlardi.

Jarayonlarning aksariyati qo‘lda bajarilar, yangi xodim qo‘shilishi esa samaradorlikni emas, faqat ish hajmini oshirardi. 2024-yil boshida xarajatlarni tahlil qilganimizda, mavjud CRM tizimlari uchun yiliga qariyb $20 ming sarflayotganimizni ko‘rdik.

Shunga qaramay, bu dasturlar ishni yengillashtirish o‘rniga jarayonlarni yanada murakkablashtirardi. Shu sababli o‘z ehtiyojlarimizga mos ichki platformani yaratishga qaror qildik. Keyinchalik aynan shu loyiha TheCarGo startapiga aylandi.

Dasturlashni bilmasdan startap boshlash mumkinmi?

Shu paytgacha biror qator kod yozmaganman va o‘zimni dasturchi deb hisoblamayman. Biroq bolaligimdan kompyuter texnologiyalariga qiziqishim kuchli bo‘lgan: kompyuterlarni sozlash, operatsion tizim o‘rnatish kabi ishlarni mustaqil bajarardim. Startapda o‘z o‘rnimni texnik mutaxassis emas, balki logistika bozorini biladigan broker sifatida ko‘rdim. Men uchun eng muhim ustunlik — mijozlarning muammolarini ich-ichidan bilish va ularga qanday yechim kerakligini tushunish edi.

Albatta, texnik bilimlarsiz g‘oyani mahsulotga aylantirish oson bo‘lmadi. Boshida veb-ishlanmalar bilan shug‘ullanuvchi tanishimni jalb qildim. U bir muddat ishlagach, jamoadan ketdi va yangi texnik sherik topish eng katta muammoga aylandi.

Uzoq qidiruvlardan so‘ng, 2024-yil avgust oyida jamoaga dasturchi Baxtiyor Ergashev ni yarim stavkada ishga taklif qildim. U loyihaning backend qismini noldan yozib chiqib, mahsulot rivojlanishida hal qiluvchi rol o‘ynadi. Bugungi kunda Baxtiyor kompaniyaning ulushga ega teng huquqli hammuassisi hisoblanadi.

Front-end yo‘nalishida ham dastlab yarim stavkada ishlagan mutaxassisimiz bor edi, keyinchalik mahsulotni tezroq rivojlantirish maqsadida uning o‘rniga to‘liq stavkada tajribali dasturchini jamoaga qo‘shdik. Hozirda TheCarGo jamoasi 3 nafar to‘liq stavkadagi mutaxassisdan iborat.

aqsh, investitisya, logistika, startap, ziyobek turdiev

TheCarGo jamoasi, chapdan o‘ngga: Aydos Sakinbaev, Ziyobek Turdiev, Baxtiyor Ergashev. Foto: Ziyobek Turdiev shaxsiy arxividan

O‘zbekistondan turib xorijiy mijozlarni biznesga jalb qilish

Texnik jamoa shakllangach, mahsulot ustidagi ishlar 2024-yil fevral oyida boshlandi. Tizim dizaynini Figma’da o‘zim ishlab chiqdim va 2 nafar dasturchi bilan rivojlantirishga kirishdik. Iyun oyida ilk MVP tayyor bo‘ldi. Avgust oyigacha shaxsiy mablag‘imdan $10−12 ming investitsiya qildim. Tizim qisqa vaqt ichida o‘zini o‘zi qoplay boshladi.

Loyiha TheCarGo nomini oldi. Bu logistika va brokerlik kompaniyalari uchun biznesni tizimlashtirishga xizmat qiluvchi bulutli platforma bo‘lib, CRM, VoIP, SMS va email xizmatlarini yagona tizimda birlashtiradi. Natijada brokerlar bir nechta alohida dasturdan foydalanish va ularni integratsiya qilish zaruratidan xalos bo‘ladi.

Platforma ish unumdorligini ham sezilarli darajada oshiradi. Oddiy tizimlarda bir agent kuniga 20−25 ta yangi mijoz bilan ishlay olsa, startapimiz yordamida bu ko‘rsatkich bir necha barobar o‘sishi mumkin. Tizim narxni avtomatik hisoblaydi, SMS va email yuboradi, xodim esa faqat javob bergan mijozlar bilan muloqotni davom ettiradi.

2025-yil mart oyida tizimga tashqaridan ilk mijozimiz qo‘shildi. Bugungi kunda 10 ta faol mijozimiz bor: ularning 5 tasi AQShda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik tadbirkorlarga, qolgan 5 tasi esa amerikalik brokerlik kompaniyalariga tegishli. Xalqaro mijozlarni, asosan, email marketing va onlayn demo-taqdimotlar orqali jalb qilamiz.

aqsh, investitisya, logistika, startap, ziyobek turdiev

Foto: Ziyobek Turdiev shaxsiy arxividan

Menimcha, O‘zbekistonda turib ham xorijiy kompaniyalarni mijozga aylantirish mutlaqo real. Buning uchun turli xalqaro tadbirlar va platformalarda faol bo‘lish, maqsadli auditoriyaga mos kompaniyalarni topish hamda ularning rasmiy email manzillariga aniq va qisqa taklif yuborish muhim.

Platforma B2B, SaaS modeli asosida ishlaydi. Har bir foydalanuvchi uchun oyiga $70 dan $120 gacha abonent to‘lovi olinadi. Masalan, 10 nafar agenti bor kompaniya oyiga o‘rtacha $1400 to‘laydi. 2026-yil holatiga ko‘ra, kompaniyaning oylik barqaror daromadi (MRR) $4000 dan oshgan.

2025-yil yozida AQShning Nyu-Meksiko shtatida 3 nafar taʼsischi nomiga kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazdik. Shu davrda 15% ulush evaziga $50−55 ming investitsiya taklifini ham oldik. Biroq bitim yakunida mablag‘ investitsiya emas, qarz sifatida rasmiylashtirilishi ma’lum bo‘lgach, bu taklifni rad etdik.

Biznesga investitsiya tortish

2025-yil oxiriga kelib mahsulotimiz bozorga chiqishga tayyor bo‘ldi va faol ravishda investitsiya izlashni boshladik. Shu maqsadda UzCombinator’ga hujjat topshirib, ularning ilk dasturiga qabul qilinishga muvaffaq bo‘ldik.

Muhim burilish 2026-yil 17-mart kuni bo‘lib o‘tgan UzCombinator tadbirida yuz berdi. O‘sha kuni 29 ta startap orasida loyihamizni birinchi bo‘lib taqdim etdik. Taqdimotdan so‘ng bir nechta investorlar qiziqish bildirishdi, eng muhim taklif esa xalqaro mehmonlardan biri Yasin Ehsan bo‘ldi. U sahna nutqining o‘zidayoq startapga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi.

aqsh, investitisya, logistika, startap, ziyobek turdiev

Chapdan o‘ngga: Yasin Ehsan, Ziyobek Turdiev, Tariq Ahmed. Foto: Ziyobek Turdiev shaxsiy arxividan

Keyingi muzokaralar natijasida $125 minglik ilk investitsiya raundini yopdik. Yoshlar Ventures kompaniyani $1,6 mlnga baholab, $80 ming evaziga 5% ulush oldi. Qolgan investorlar ham aynan shu baholash asosida raundga qo‘shildi:

  • $20 ming — mahalliy angel investor;
  • $10 ming — A16Z Scout Yasin Ehsan;
  • $15 ming — US angel investor, Tariq Ahmed.

Bu investitsiya startap rivojlanishida yangi sahifa ochdi. Ungacha o‘zim loyihadan ish haqi olmas, topilgan mablag‘ning barchasini jamoaga yo‘naltirardim. Xodimlar ham asosan yarim stavkada ishlardi. Investitsiyadan so‘ng jamoani to‘liq stavkaga o‘tkazdik va yangi mutaxassislarni ishga oldik.

Bugun platformaning yangi versiyasini ishga tushiryapmiz. Keyingi bosqichda esa sun’iy intellekt asosidagi ovozli yordamchi va to‘lovlarni qabul qiluvchi ichki tizimni joriy etishni rejalashtirganmiz.

Xorijiy va mahalliy investorlar talablaridagi farqlar

Investitsiya raundi davomida mahalliy va xorijiy investorlarning startaplarga yondashuvi o‘rtasidagi farqlarni yaqqol ko‘rdim. Har ikki tomon ham loyiha o‘sishini istaydi, biroq qaror qabul qilish uslubi va baholash mezonlari turlicha.

Eng katta farq — tezlikda. Xorijiy investorlar avvalo jamoaga, muammoning dolzarbligiga va mahsulotning global salohiyatiga e’tibor beradi. Agar shu omillar ularda ishonch uyg‘otsa, qarorni juda qisqa muddatda qabul qilishadi.

Mahalliy investorlar esa odatda batafsil tahlilni afzal ko‘rishadi. Ular moliyaviy ko‘rsatkichlar, xarajatlar, huquqiy masalalar, boshqaruv shaffofligi va operatsion xavflarni chuqur o‘rganishadi. Shu sababli muzokaralar ham ko‘proq vaqt oladi.

Meni quvontirgan jihat xalqaro investorlarning mahalliy venchur ekotizimiga bo‘lgan ishonchi bo‘ldi. Etakchi investorimiz kompaniya qiymatini $1,6 mln etib baholagach, qolgan xalqaro investorlar ham bunga e’tirozsiz qo‘shilishdi. Bu O‘zbekistondagi venchur fondlari shakllantirayotgan baholashlar xalqaro investorlar tomonidan ham tan olinayotganini ko‘rsatadi.

aqsh, investitisya, logistika, startap, ziyobek turdiev

Foto: Javohir Esonboyev / Spot

AQShda biznes boshlash haqidagi stereotiplar

Muvaffaqiyatli xalqaro loyiha qurish yo‘lida ko‘plab startapchilar turli stereotip va qo‘rquvlarga duch kelishadi. Dunyoning eng raqobatbardosh bozorlaridan biri AQSh haqida gap ketganda, bunday qarashlar yanada ko‘payadi. Shaxsiy tajribam esa ularning aksariyati shunchaki mif ekanligini ko‘rsatdi.

1-stereotip: “Xorijliklar uchun AQShda kompaniya ochish juda qiyin”. Dastlab menga ham bu jarayon murakkab tuyulgandi. Birinchi kompaniyamizni ro‘yxatdan o‘tkazishda hamkorlar yordamidan foydalandik. Bugungi kunda esa TheCarGo kompaniyasini AQShda yuridik shaxs sifatida o‘z nomimga mustaqil va muammosiz rasmiylashtirdim.

2-stereotip: “AQSh bozorida muvaffaqiyat qozonish uchun albatta u yerda yashash kerak”. Albatta, shtatlarda bo‘lish aloqalar o‘rnatish va biznesni tezlashtirishga yordam beradi. Biroq bu biznesni faqat o‘sha yerda turib boshlash mumkin degani emas. Biz mijozlar bazasini shakllantirish va dastlabki savdolarni to‘liq O‘zbekistondan turib amalga oshirdik.

Yo‘l qo‘yilgan xatolar va resurslarni to‘g‘ri taqsimlash

Startaplar ko‘pincha g‘oya yomonligi uchun emas, balki investitsiyadan keyin noto‘g‘ri qarorlar qabul qilingani sababli muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib, eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan 3 ta xatoni ajratib ko‘rsatolaman:

  1. Investitsiyani muammolarning yechimi deb o‘ylash. Ko‘pchilik investor kirishi bilan biznes o‘z-o‘zidan o‘sib ketadi, deb hisoblaydi. Aslida investitsiya mo‘jiza emas, u faqat o‘sishni tezlashtiradigan yoqilg‘i xolos. Natijani baribir jamoaning mehnati belgilaydi.
  2. Mahsulotni faqat o‘z fikringizga tayanib yaratish. TheCarGo’ning birinchi versiyasini ishlab chiqishda men ham faqat brokerlik tajribamga tayandim. Keyinchalik haqiqiy hakam bozor va mijoz ekanini angladim. Shu sababli ikkinchi versiyani foydalanuvchilarning real fikr-mulohazalari asosida qayta ishladik.
  3. Investitsiyadan keyin ortiqcha xarajatlarni ko‘paytirish. Ba’zi startaplar sarmoya olishi bilan qimmat ofis ijaraga oladi yoki jamoani haddan tashqari kengaytirib yuboradi. Bosh investorlarimizdan biri menga: “Doim puling yo‘qdek harakat qil”, deb maslahat bergandi. Biz aynan shu tamoyilga amal qilamiz. Hozirgacha yangi ofis olganimiz yo‘q, eski logistika kompaniyamiz ofisida ishlayapmiz. Resurslarni esa faqat eng muhim yo‘nalishga kuchli jamoani shakllantirish va mahsulotni global bozorda rivojlantirishga yo‘naltiryapmiz.