Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi savdo platformalaridagi ma’lumotlar asosida Toshkent shahridagi turar joy va noturar obyektlarning o‘rtacha bozor narxlarini tahlil qildi.
Qayd etilishicha, aholi sonining ortib borayotganiga qaramay, ko‘chmas mulk bozorida keskin narx o‘zgarishlari kuzatilmagan. Aksariyat hududlarda narxlar barqaror saqlanib, o‘sish mo‘tadil darajada davom etmoqda.
Unga ko‘ra, 1-iyul holatiga poytaxtda ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarning o‘rtacha narxi 1 kvadrat metr uchun 16,5 mln so‘mni tashkil etdi. Bu iyun oyiga nisbatan 0,6% ga yuqori.
Eng qimmat uylar Shayxontohur tumanida qayd etilgan — 1 kvadrat metri o‘rtacha 25,3 mln so‘m. Undan keyingi o‘rinlarda Mirobod (23,2 mln so‘m) va Yakkasaroy (20,5 mln so‘m) joylashgan. Eng arzon xonadonlar esa Yangihayot (11 mln so‘m), Sergeli (11,45 mln so‘m) va Bektemir (11,5 mln so‘m) tumanlarida aniqlandi.
Bundan tashqari, yakka tartibdagi uy-joylar bozorida 1 sotix yerning o‘rtacha narxi bir oyda 912,9 mln so‘mdan 916,9 mln so‘mga — 0,5% ga oshdi.
Ushbu segmentda eng qimmat hudud Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘ldi, bu yerda 1 sotixning o‘rtacha narxi 1,72 mlrd so‘mni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Yakkasaroy — 1,64 mlrd so‘m va Yunusobod — 1,44 mlrd so‘m. Eng arzoni esa Bektemir (394 mln so‘m) va Yangihayot (405 mln so‘m) da qayd etildi.

Xususiy uy-joylar narxi bir oy ichida eng ko‘p Uchtepa (+1,4%), Yashnobod (+1,3%) va Bektemir (+1,2%) tumanlarida oshdi. Sergeli (-0,5%) va Chilonzor (-0,1%) da esa narxlar biroz pasaydi.
Shuningdek, noturar obyektlar segmentida ham narxlar deyarli barqaror bo‘lib, o‘rtacha qiymat 1 kv.metr uchun 16 mln so‘mni tashkil etdi. Bu bir oy oldingiga nisbatan 0,5% ko‘p.
Bunda ham eng qimmat noturar obyektlar Mirzo Ulug‘bek tumanida qayd etildi — 24,4 mln so‘m. Undan keyin Mirobod (23 mln so‘m), Yakkasaroy va Shayxontohur (har biri 18,6 mln so‘m), Yunusobod (18,6 mln so‘m) joy oldi.
Arzon narxlar Bektemir (8,3 mln so‘m/kv.m), Yangihayot (9,8 mln so‘m) hamda Sergeli (9,9 mln so‘m) tumanlarida qayd etildi. Oylik o‘sish eng yuqori Sergeli (+2,5%) va Mirobod (+1,8%) tumanlarida kuzatilgan bo‘lsa, Uchtepa (-0,6%) va Yashnobod (-0,9%) da narxlar biroz pasaygan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonning 33 ta hududidagi yangi uy-joylar Qamashi tajribasi asosida qurilishi haqida yozgan edi.