Avvalroq prezident raisligida qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 65 ming yakka tartibdagi uy-joylar qurilmoqda, yana 200−250 ming xonadon ta’mirlanayotgani qayd etildi. Davlat rahbari hali ko‘pchilik energiya tejamkor materiallarning afzalliklari haqida yetarlicha xabardor emasligini ta’kidladi.
Xonadonlarni isitishning o‘ziga iqtisodiyotdagi jami gaz iste’molining 20%i, elektr energiyasining esa 11%i sarflanmoqda. Agar uyning fasad va tom qismi issiqlik saqlovchi material bilan qoplansa, energiya tejamkor oyna qo‘yilsa, energiya sarfi 30% gacha kamayishi aytildi.
Bu borada Fransiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ishlab chiqqan yangicha loyihalash yondashuvi asosida Qamashi tumanida 4 ming xonadonli Yangi O‘zbekiston massivi qurilmoqda.
Loyihada to‘liq energiya tejamkor mahalliy mahsulotlar ishlatilib, tannarx kamida 20% ga arzon tushadi, uyni isitish-sovitish xarajatlari 30% ga qisqaradi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlariga Qamashi tajribasi asosidagi yangicha loyihalash yondashuvini o‘rganish topshirildi. Joriy yil Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kiriladigan 33 ta tuman va shahardagi ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi faqat shunday yondashuv asosida amalga oshirilishi belgilandi.
Xonadonlarni qurish va ta’mirlashda energiya tejamkor materiallarga o‘tish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqib, 19 mingta qurilish korxonasiga ushbu tavsiyalarni, “yashil ta’mir” loyihasi bo‘yicha beriladigan imtiyozlar haqidagi ma’lumotlarni qurilish bo‘layotgan har bir mahalla, har bir xonadonga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq Spot qurilish sohasidagi 1,9 mingdan ortiq korxonaning soliq qarzi 2,5 trln so‘mdan oshgani haqida yozgan edi.