Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari avval o‘tgan hafta beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga to‘xtaldi. Forum doirasida xorijiy hamkorlar bilan $43 mlrdlik 177 ta kelishuvga erishilganini ta‘kidladi.

“Har bir kelishuv loyihaga, ish o‘rniga, yuqori qo‘shilgan qiymatga aylanishi shart”, — dedi prezident.

Mutasaddilarga xorijiy investorlar ko‘targan 120 ta taklifning yechimi bo‘yicha qaror kiritish topshirildi.

Umuman, tarmoq rahbarlari va hokimlar investitsiya sifati va samaradorligi bo‘yicha yondashuvlarini o‘zgartirishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

So‘nggi besh yilda mamlakatga kiritilgan jami investitsiyaning yarmi 4 ta hududga to‘g‘ri kelgan. Lekin jalb qilingan sarmoyaning iqtisodiyotga qaytimi bo‘yicha hududlar o‘rtasidagi tafovut katta.

Masalan, 1 mln so‘mlik investitsiya Farg‘onaning yalpi hududiy mahsulotiga qo‘shimcha 273 ming so‘mlik, Samarqandda 262 ming so‘mlik qo‘shilgan qiymat beryapti. Lekin Buxoroda bu atigi 117 ming so‘m. Ya‘ni hududga olib kelinayotgan investitsiya samarasi boshqa hududlardan 2 karra past.

Hokimlar qaysi tumanida qaysi tarmoqni qanday rivojlantirish, nima loyihaga investitsiya olib kelsa, eng yuqori samaradorlikka erishishini aniq hisob-kitob qilishi kerakligi qayd etildi.

Buning uchun iqtisodiyotdagi 12 ta tarmoqqa 14 ta “aql markazi” hamda 37 ta sohaviy ilmiy institut va oliygohlar nomma-nom biriktirildi.

Misol uchun, qurilish materiallari tarmog‘iga “aql markazi” sifatida Makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Raqobat siyosati va iste‘molchilar huquqlari markazi hamda Materialshunoslik instituti va Toshkent arxitektura-qurilish universiteti biriktirildi.

Ular yangi turdagi materiallarga talab, buni qoplash uchun qaysi tumanda nima loyiha qilish, qanday texnologiyadan foydalanish, qaysi yo‘nalishlarda kadr tayyorlash kerakligini tahlil qiladi.

Barcha tarmoq rahbarlariga “aql markazi”, sohaviy ilmiy institut va oliygohlar bilan har bir tuman imkoniyatini shu yondashuv asosida tahlil qilib, yalpi hududiy mahsulot o‘sishiga katta turtki beradigan loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda islomiy sug‘urta va “yashil” kreditlar joriy etilishi haqida yozgandi.