Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari barcha a‘zolarning kengashdagi faolligi oshayotganini aytdi.
“Sizlar bilan o‘tgan yili ham uchrashib, ko‘p masalalarni muhokama qilgan edik. Avvalgi majlisda ilgari surilgan 21 ta tashabbus bo‘yicha aniq yechimlar qabul qilindi. Shuni alohida ta‘kidlamoqchiman: investorlarning tashabbuslari davlat siyosatida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Takliflarning salmoqli qismi asosida normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi”, — dedi prezident.
Jumladan, Soliq kodeksiga investorlar uchun qulay o‘zgartirishlar kiritildi, kompaniyalar o‘rtasidagi ichki qarz bitimlari moliya nazoratidan chiqarildi, asosiy vositalarni tezlashtirilgan tartibda amortizatsiya qilish huquqi berildi, xalqaro standartlar asosida hisobot yurituvchi xorijiy shirkatlar uchun ko‘plab majburiy talablar bekor qilindi.
Bundan tashqari, “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mas‘uliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish hamda 16 ta texnik reglamentni xalqaro me‘yorlarga muvofiqlashtirish dasturi tayyorlandi.
Yaqinda O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Xalqaro investitsiyalar va ko‘p millatli korxonalar to‘g‘risidagi Deklaratsiyasiga qo‘shilishi e‘lon qilindi.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi kutilmoqda.
Bugungi majlisga tayyorgarlik jarayonida 120 ta yangi taklif va tashabbus kelib tushdi. Ularning barchasi batafsil tahlil qilinib, yettita ustuvor yo‘nalishga birlashtirildi. Bular investitsiya muhitini yaxshilash, soliq tizimi, kadastr, energetika, moliya va bank tizimi, korporativ boshqaruv, sun‘iy intellekt va raqamli iqtisodiyot masalalaridir.
Prezident bir qator takliflar hozir har qachongidan ham dolzarbligini ta‘kidladi.
Xususan, valyuta aylanmasidagi monitoring jarayonlarini yengillashtirish, islomiy sug‘urta, “yashil” kredit, bank aktivlari bozorini yo‘lga qo‘yish kabi yangi moliyaviy mexanizmlarni joriy qilish, korxonalarda atrof-muhit, ijtimoiy mas‘uliyat va samarali boshqaruvni o‘z ichiga olgan ESG tamoyillarini qo‘llashni rag‘batlantirish.
Shu bois, har bir yo‘nalish bo‘yicha mas‘ullar belgilanib, aniq yechimlar ishlab chiqilishi qayd etildi.
Ushbu dolzarb vazifani o‘z zimmasiga olgan ishchi guruhlar hamraislari — Vision Invest, BDO, Crowe, OTP Group, Franklin Templeton, Ernst & Young, Costa Legal va ACWA kompaniyalari rahbarlariga minnatdorlik bildirildi.
“Yil davomidagi tahlillaringiz asosida qanday muammolarni aniqladingiz? Investitsiya muhitini yana-da yaxshilash uchun Hukumat nimalar qilishi kerak? Sizlarni diqqat bilan tinglashga, har bir muammo va tavsiyani batafsil muhokama qilishga tayyormiz”, — dedi davlat rahbari.
Spot, avvalroq, Toshkentda Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy vakolatxonasi o‘z faoliyatini boshlagani haqida yozgandi.