Yevropa investitsiya banki (YIB) Toshkentda Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘zining mintaqaviy vakolatxonasini ochdi. Bu haqda Spot‘ga tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Vakolatxona ochilish marosimi 18-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2026) doirasida bo‘lib o‘tdi. Bank vitse-prezidenti Marek Mora bankning Markaziy Osiyo taraqqiyotiga tobora ko‘proq jalb etilayotganini va mintaqadagi loyihalar portfelini kengaytirayotganini ta‘kidladi.

2009-yildan buyon YIB Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda bir qator loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvlarni imzolagan. Bank faoliyatining joriy va istiqbolli yo‘nalishlari Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish, mintaqaviy raqamli aloqadorlikni ta‘minlash, Rog‘un GESi va Qambarota-1 GESi qurilishini o‘z ichiga oladi.

EIB Global — bankning Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi loyihalarni moliyalashtirish uchun mas‘ul bo‘linmasi bo‘lib, o‘ta muhim xomashyo va tibbiyot sohalarida hamkorlikni rivojlantirmoqda. Shuningdek, u barqaror transport, suv xo‘jaligi, energetika va iqlim o‘zgarishlariga chidamlilikni oshirishga yo‘naltirilgan sarmoyalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zbekiston 2017-yilda YIB bilan hadli bitimni imzolaganidan so‘ng, uning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkorlaridan biriga aylandi. Tomonlar O‘zbekiston — 2030 va Global Gateway strategiyalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar portfelini ishlab chiqmoqda:

  • ekologik barqaror va xavfsiz transportni, avvalo, Transkaspiy yo‘lagi doirasida rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash;
  • ekologik toza energetikaga va suv resurslarini yana-da barqaror boshqarishga o‘tish;
  • xavfsiz va ishonchli raqamli aloqadorlikni rivojlantirish;
  • sog‘liqni saqlash sohasida ta‘minot zanjirlarini mustahkamlash, vaksinalarni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
  • o‘ta muhim minerallar sohasida mahalliy sanoat zanjirlarini rivojlantirishga ko‘maklashish.

O‘zbekistonda ko‘rib chiqish bosqichidagi operatsiyalarning umumiy hajmi (allaqachon imzolangan loyihalar va anglashuv memorandumlarini hisobga olgan holda) 1 mlrd yevroni tashkil etadi.

Bundan tashqari, EIB Global infratuzilma loyihalarini ishlab chiqish va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha maslahat xizmatlarini kengaytirmoqda. Xususan, TXIF-2026 doirasida bank va O‘zsuvta‘minot Toshkentda Surum oqova suv tozalash inshootini qurish loyihasiga maslahat yordamini ko‘rsatish imkoniyatini o‘rganish bo‘yicha niyatlar deklaratsiyasini imzoladi.

Agar tegishli kelishuvlar olinib, loyiha kompleks tekshiruvdan o‘tsa, bank quvvati sutkasiga 300 ming kub metrni tashkil etadigan tozalash inshootini barpo etish loyihasiga hamrohlik qiladi. Uning amalga oshirilishi poytaxtda oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlari sifatini yaxshilashi lozim.

“Biz mintaqaviy vakolatxona ochishga qaror qilganimizda, Markaziy Osiyo qanchalik jadal o‘zgarayotganini va sifatli investitsiyalarga talab qay darajada yuqori ekanini ko‘rganimiz sabab bo‘ldi. Mintaqada doimiy mavjudligimiz bizga tezroq harakat qilish, hamkorlarimiz bilan yana-da yaqinroq hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va g‘oyalarni real loyihalarga aylantirish imkonini beradi”, — deya ta‘kidladi Marek Mora.

YIBning Toshkentdagi ofisining ochilishi yangi moliyalashtirish imkoniyatlari va ekspert bilimlaridan foydalanishga yo‘l ochadi, deya ishonch bildirdi ISSV rahbari Laziz Qudratov. O‘zbekiston bankdan “mamlakat iqtisodiyoti uchun ham, fuqarolar farovonligi uchun ham g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan murakkab loyihalarni” amalga oshirishda yordam kutmoqda.

2025-yil aprel oyida YIBning O‘zbekistonda mintaqaviy ofisini tashkil etish to‘g‘risida kelishuv imzolangan edi. O‘tgan yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan TXIF-2025 forumida YIBning kreditlar bo‘yicha katta mutaxassisi Davide Monguzzi yil oxirigacha Toshkentda vakolatxona ochish rejalari haqida ma‘lum qilgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston BRIKSning Yangi taraqqiyot banki to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilgani haqida yozgandi.