28-sentabrga o‘tar kechasi Toshkentning Sergeli tumani, “Quruvchilar” dahasida joylashgan omborxonalardan birida kuchli portlash va yong‘in sodir bo‘ldi. Bojxona ombori “Interlogistics” kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.

Voqea yuz bergan vaqtda bojxona omboriga tutash hududda BYD avtomobillari ham bo‘lgan, deya xabar berdi Xitoy ishlab chiqaruvchisining O‘zbekistondagi vakilligi.

Ularning ba’zilari portlash to‘lqini va shisha parchalaridan yuzaki zarar ko‘rgani, shikastlangan avtomobillar utilizatsiya qilishga yuborilishi qayd etilgan.

“Zero bu xavfsizlik va atrof-muhitni saqlash nuqtai nazaridan muhimdir”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, avtomobillarni yetkazib berish bo‘yicha barcha majburiyatlar shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda bajariladi.

Bundan tashqari, kompaniya portlash sabablari bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilayotganligi va yakuniy ekspert xulosasi yo‘qligi sabab, hodisaga elektr transport vositalarining aloqadorligi yoki boshqa faktlar haqidagi ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘ramoqda.

Avvalroq “Spot” kuchli portlash oqibatida zarba to‘lqini yaqin atrofda joylashgan “M Cosmetic” do‘konlar tarmog‘iga ham jiddiy zarar yetkazgani haqida yozgandi.