“Vention” kompaniyasi QA bo‘yicha individual amaliyot dasturiga arizalar qabul qilmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Amaliyot oktabr oyida boshlanib, 6−8 soat davomiylikdagi kunlik mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi hamda ikki oydan uch oygacha davom etadi. Unda ishtirok etish — bepul.

Dastur doirasida amaliyotchilar real hayotdagi loyihalarni aks ettiruvchi amaliy tajribaga ega bo‘lishlari hamda kompaniya ish jarayonlarini o‘rganishlari mumkin bo‘ladi. Uni muvaffaqiyatli tugatgan har bir amaliyotchi “Vention"da ishga joylashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Nomzodlar ingliz va rus tillarini yaxshi bilishi (Intermediate va undan yuqori), muloqot qobiliyati, mustaqil o‘rganish va shaxsiy rivojlanish uchun yuqori motivatsiya, veb va mobil ilovalar bo‘yicha asosiy bilimlarga ega bo‘lishi kerak.

Shuningdek, dastur talablarida kuniga 6−8 soat o‘qishga tayyor bo‘lish ham kiritilgan.

Bajariladigan vazifalar:

  • funksional va nofunksional sinovlar: veb va mobil ilovalar;
  • foydalanuvchi interfeysini sinovdan o‘tkazish;
  • API/veb xizmatlari va ma’lumotlar bazalari bilan ishlash;
  • turli xil xatolarni kuzatish va hujjatlashtirish tizimlaridan foydalanish;
  • loyiha talablari va sxemalari bilan ishlash, jumladan talablarni batafsil o‘rganish;
  • dizayndagi nomuvofiqliklar, ziddiyatli talablar va nuqsonlarni aniqlash uchun sinov o‘tkazish.

Qabul qilinganlar haqiqiy loyihalarda ishtirok etish va 3−15 kishidan iborat kichik guruhlarda individual ta’lim, ularga moslashtirilgan amaliyot va nazariya hamda tajribali murabbiydan professional rahbarlik va yordam olishlari mumkin bo‘ladi.

Ishtirok etish istagida bo‘lganlar rezyumelarini anastasiya.hryshko@ventionteams.com elektron pochtasiga jo‘natishlari kerak.


Avvalroq “IT Park” BMTning Taraqqiyot dasturi bilan birgalikda qizlar uchun amaliyot dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.