Joriy yilning 30-oktabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibida IT-markaz ochildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Temir yo‘l tarmog‘ini isloh qilish va raqamlashtirish doirasida tashkil etilgan mazkur markaz ishining birinchi bosqichida 24ta dasturchi uchun sharoitlar yaratildi. Buning uchun temir yo‘l sanoatining barcha yo‘nalishlarida ishlaydigan tajribali mutaxassislar hamda xorijiy kompaniyalarda tajribaga ega xodimlar jalb etildi.
IT-markaz temir yo‘l tizimini optimallashtirishga qaratilgan yangi raqamli yechimlarni ishlab chiqish va joriy etishda ishtirok etadi. Xususan, jo‘natuvchilar va qabul qiluvchilar uchun foydalanishga qulay interfeysga ega mobil va veb-ilova ishlab chiqilib, taqdim etiladi.
Tizimning bir qismi sifatida ERI orqali shartnomalar tuzish va imzolash, marshrutga qarab tariflarni avtomatik ravishda hisoblash va transport uchun onlayn ariza berish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, mijozlar yuk terminallarini tanlashlari, yuklash va tushirish xizmatlari uchun arizalarni to‘ldirishlari va 24/7 rejimida vagonlarning joylashuvi to‘g‘risida ma’lumot olishlari mumkin.
“Prezidentning temir yo‘l transporti sohasini bosqichma-bosqich isloh qilish va sohani raqamlashtirishning ustuvor vazifalarini belgilovchi tegishli qarorini amalga oshirish ustida faol ishlayapmiz. Bu yechim bizga transformatsiyani tezlashtirish va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan aniq vazifalarni qo‘yadi”, — deydi deydi boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev.
IT-markaz yordamida yuk jo‘natuvchilar va qabul qiluvchilarga poyezdlarning kelishi haqidagi prognozlar, xarajatlarni doimiy nazorat qilish, yuk operatsiyalarining onlayn statistikasi va mavjud chegirmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etiladi.
Shuningdek, mijozlarga 24/7 onlayn chat va video konsultatsiyalar hamda takliflar va e’tirozlar uchun qayta qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati bilan “Call center+Call back” mavjud bo‘ladi. Mijozlarga o‘z transportidan qo‘shimcha foyda olish imkonini beradigan “Cashback” tizimining foydalanish shartlariga e’tibor beriladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston temir yo‘l sohasini isloh qilish bo‘yicha tegishli qarorni qabul qilgandi. Hujjat bilan, “O‘zbekiston temir yo‘llari"ni 2025-yilgacha raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan.
Mazkur qaror bilan, 2023−2026 yillarda sohani rivojlantirish bo‘yicha Janubiy Koreya va Chexiyadan O‘zbekistonga elektropoyezdlar xarid qilish belgilangan. Chexiyaning “Skoda” kompaniyalar guruhi O‘zbekiston hukumati bilan elektropoyezdlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi.
Shuningdek, O‘zbekiston temir yo‘llarida tezlikni 300 km/soatgacha oshirish rejalashtirilmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘llari” “bitta pasport — bitta chipta” tamoyilining yangi shartlari spekulyantlarga qarshi kurashishda yordam berishini ta’kidlagandi.