“Yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish hamda bu sohada belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qilish vazifalari yuklandi.

Vazirlikda, shunga ko‘ra, yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘limi hamda bo‘linmalari tashkil etiladi.

2024-yildan mamlakatga olib kirilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kimyoviy moddalar va ularni olib kiruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Bojxona qo‘mitasining axborot tizimi orqali vazirlikka real vaqt rejimida taqdim etib boriladi.

Shu bilan birga, kimyoviy moddalar faqat favqulodda vaziyatlarning (yong‘inlarning) oldini olish va sanoat xavfsizligi talablariga javob beradigan omborlarda saqlanishiga ruxsat beriladi.

Mamlakatga kimyoviy moddalarni olib kiruvchilar tomonidan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kimyoviy moddalar va ularni saqlash joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish imkoniyatiga ega bo‘lgan axborot platformasi yaratiladi.

Kelasi yildan O‘zbekistonga kimyoviy moddalarni olib kirish, tashish, saqlash, ulardan foydalanish va yo‘q qilishda belgilangan talablarga rioya etilishini doimiy nazorat qilishning quyidagi tartibi joriy etiladi:

  • Bojxona qo‘mitasi kimyoviy moddalarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazadi hamda 1 kun muddatda Yagona axborot tizimi orqali kimyoviy moddalar turi, miqdori va ularni olib kiruvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish milliy markaziga taqdim etadi;
  • kimyoviy moddalarni olib kiruvchilar bu moddalar bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kunning o‘zida axborot platformasi orqali kimyoviy moddalarning saqlanadigan joyi (ombor) haqidagi ma’lumotlarni milliy markazga taqdim etadi.

Avvalroq kelasi yildan “Yer hisobot” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishga tushirilishi ma’lum qilingandi. Yer hisobotiga o‘zgartirishlar kiritish, yerlarni toifalarga ajratish va bir toifadan boshqasiga o‘tkazish natijalari vakolatli davlat organlarining qarorlari asosida mazkur axborot tizimiga kiritib boriladi.