Rossiya Energetika vazirligi hali mamlakatdan dizel yoqilg‘isi eksportiga qo‘yilgan taqiqni to‘liq olib tashlashni rejalashtirmayapti, deya xabar berdi “RIA Novosti” nashri.

“Bu variant yozgi dizel yoqilg‘isi uchun hozirda muhokama qilinmoqda, deya qayd etdi energetika vaziri Nikolay Shulginov.

Hozircha qishki dizel yoqilg‘isi uchun cheklovlar amal qilishda davom etadi, dedi u.

Rossiya hukumati 17-noyabrdan avtomobil benzini eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi. Bu haqda mamlakat Energetika vazirligi xabar berdi.

Taqiq vaqtida ichki yoqilg‘i bozorini to‘ldirish va narxlarni pasaytirish mumkin edi, deya ta’kidladi vazirlik. Neftni qayta ishlash hajmini saqlab qolish tufayli profitsit hosil bo‘ldi hamda benzin zaxiralari 2 mln tonnaga yetdi.

Rasmiylar yoqilg‘i narxi va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini kuzatishni davom ettirishni ta’kidlashmoqda. Energetika vazirligi eksport cheklovlarini “zarurat yuzaga kelganda” qaytarishni istisno qilmaydi.

Joriy yilning 21-sentabridan Rossiya benzin va dizel yoqilg‘isi eksportiga vaqtinchalik cheklovlar kiritdi. Bu ichki bozorni to‘ldirish va yoqilg‘i narxini barqarorlashtirish maqsadida amalga oshirilishi ta’kidlandi.

4-oktabr kuniyoq bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak chora-tadbirlar o‘z samarasini berganini ta’kidladi. Hukumat 6-oktabr kuni cheklovlarni yumshatib, dizel eksportiga ruxsat berdi, biroq benzin eksporti bo‘yicha choralarni saqlab qoldi.

Noyabr oyi boshida Energetika vaziri Nikolay Shulginov hukumat benzinning ayrim markalarini eksport qilishga qo‘yilgan cheklovni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, “Reuters” agentligi neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari taqiqlarni bekor qilishga hozirlik ko‘rayotgani haqida xabar berdi.

O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya tomonidan benzin va dizel yoqilg‘isi eksportiga kiritilgan cheklovlar mamlakatga yetkazib berishga ta’sir qilmaganini qayd etgandi.