2026-yildan boshlab Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida yoz mavsumida turizm sohasida tajriba tariqasida “siyesta” tizimi joriy etilishi mumkin. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasi maʼlum qilingan.

Loyihaga muvofiq, turizm obyektlari faoliyati 07:00—13:00 va 17:00—23:00 vaqt oralig‘iga moslashtiriladi. Kunning eng issiq qismida esa tanaffus joriy etilishi rejalashtirilgan.

Hujjat mualliflarining ta‘kidlashicha, tizimning asosiy maqsadi sayyohlar va xodimlarni yuqori haroratning salbiy ta‘siridan himoya qilish, turistlar uchun qulay sharoit yaratish hamda yozgi mavsumda turizm faolligini oshirishdan iborat.

Shuningdek, tashabbus suv va elektr energiyasidan oqilona foydalanish, kunduzgi yuqori harorat tufayli yuzaga keladigan ortiqcha energiya sarfini kamaytirish hamda atrof-muhitga tushadigan yuklamani qisqartirishga xizmat qilishi qayd etilgan.

Loyihada restoran va ko‘ngilochar maskanlar uchun kechki dasturlarni yo‘lga qo‘yish, muzey va tarixiy obidalarda esa Tungi muzey va Kechki ekskursiya xizmatlarini tashkil etish nazarda tutilgan.

Bu turistik oqimni kun davomida bir maromda taqsimlash, madaniy meros obyektlariga tushadigan yuklamani kamaytirish hamda shahar infratuzilmasidan samaraliroq foydalanishga yordam berishi kutilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, “siyesta” tizimi iqlim o‘zgarishiga moslashishning amaliy mexanizmlaridan biri bo‘lib, turizm sohasining raqobatbardoshligini oshirish, resurslardan tejamkor foydalanish, ekologik barqarorlikni ta‘minlash hamda aholi va sayyohlar salomatligini muhofaza qilishga xizmat qiladi.

Hujjat loyihasi muhokamasi 25-iyulgacha davom etadi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda xorijga sayohat qiluvchilar uchun yangi kafolat tizimi joriy etilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.