Hukumat qarori bilan “Yong‘in xavfsizligi a’lochisi” tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida"gi nizom qabul qilindi.

Unga ko‘ra, tanlov 2024-yildan har yili oktabr — dekabr oylarida yong‘in chiqish xavfi bo‘yicha I va II guruhga mansub binolarga ega tadbirkorlar o‘rtasida navbat bilan yillar ketma-ketligida o‘tkaziladi.

Bundan yangi qurilayotgan, rekonstruksiya qilinayotgan, kengaytirilayotgan, texnik jihatdan qayta jihozlanayotgan va kapital ta’mirlanayotgan obyektlar bundan mustasno.

Nomzodlarning arizalari tanlov e’lon qilingan kundan e’tiboran 20 kun mobaynida Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus elektron axborot tizimi orqali tuman (shahar) komissiyalari tomonidan qabul qilinadi/

Tanlovda ishtirok etish bepul bo‘lib, qtnashish istagini bildirgan nomzodlar o‘z arizalari bilan birga quyidagilarni taqdim etadi:

  • tadbirkorlik to‘g‘risidagi umumiy ma’lumot (obyektning manzili, faoliyat turi, tashkiliy-huquqiy shakli va boshqalar);
  • belgilangan tadbirlarning bajarilganini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari, fotoalbom, 5 daqiqadan oshmagan, sifati yuqori bo‘lgan videolavhali taqdimot materiali.

Tanlov 3 bosqichda tashkil etiladi:

  • 1-bosqich — tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlarni tanlab olish maqsadida tuman (shahar) darajasida saralash o‘tkaziladi;
  • 2-bosqich — Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalari tuman (shahar) darajasida eng ko‘p ball to‘plagan nomzodlar bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar va materiallarni ko‘rib chiqadi va baholaydi;
  • 3-bosqich — Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalari tomonidan taqdim etilgan nomzodlar o‘rtasida tanlov tashkil etiladi.

Tanlovning yakuniy bosqichi har yili dekabr oyining ikkinchi 10 kunligida Toshkentda o‘tkaziladi.

G‘olib deb topilgan nomzod 100 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, uning faoliyati tanlov natijalari rasmiy e’lon qilingan kundan keyingi 2 yil davomida davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan tekshirilmaydi.