“UzAuto Motors” kompaniyasi xaridorlarni shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgalarga bermaslikka chaqirib, ogohlantirish bilan chiqdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Chevrolet” avtomobillari uchun onlayn shartnoma tuzish bo‘yicha takliflar tarqalmoqda. Buning uchun xaridorlardan “OneID” tizimidagi shaxsiy login va paroli hamda pasport nusxasi va ma’lum miqdordagi to‘lovni amalga oshirish so‘raladi.

Kompaniya o‘z mijozlaridan hushyor bo‘lishni va shaxsiy ma’lumotlarini, xususan, davlat portalidagi shaxsiy ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga bermaslikni so‘ramoqda.

Onlayn shartnoma olish tizimi barcha uchun bepul bo‘lib, unda alohida kirishni ta’minlaydigan imkoniyat yo‘q. Bundan tashqari, xaridorlarning shaxsiy ma’lumotlari firibgarlik bilan bog‘liq holatlar yoki boshqa harakatlar uchun foydalanilishi mumkin.

Agarda shartnoma tuzish uchun shaxsiy ma’lumotlar uchinchi shaxslarga topshirilsa, “UzAuto Motors” xaridor oldida hech qanday javobgarlikni o‘z zimmasiga olmasligi qayd etilgan.

Ommabop avtomobillar uchun shartnoma tuzish faqat “UzAutoSavdo” ilovasi hamda kompaniya sayti orqali amalga oshirilishi mumkin.

Avvalroq “UzAuto Motors” dekabr oyining ikkinchi yarmida ommabop avtomobillar uchun onlayn kontraktatsiyani ochishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi. Endilikda kontraktatsiyani avtosalonlardan emas, faqat onlayn tarzda kompaniya sayti va ilovalari orqali rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.

Noyabr oyi boshida ochilgan kontraktatsiya jarayonida kompaniya rasmiy sayti va mobil ilovasida texnik nosozliklar, dilerlik markazlarida esa tartibsizliklar yuzaga kelgandi.