Toshkentda “Business Angel School” ikki kunlik intensiv kursi o‘tkaziladi. Bu haqda “Startap Initiatives” dasturining “Telegram"dagi kanalida ma’lum qilindi.

Dastur Iqtisodiyot va moliya vazirligi va BMTTDning “Raqamlashtirish orqali yoshlar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etilgan. Uning hamkorlari “MOST Hub”, “UMAY” biznes-farishta klublari va “UzAngels” hisoblanadi.

Kurs istiqbolli startaplarga sarmoya kiritishdan manfaatdor bo‘lgan biznes va akademik vakillari uchun mo‘ljallangan. Unda investitsiya strategiyasini ishlab chiqishdan tortib, bitimlarning huquqiy jihatlarini tahlil qilishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli mavzular bo‘yicha ma’lumot beriladi.

Kurs spikerlari venchur investitsiyalari sohasidagi quyidagi mutaxassislar bo‘ladi:

  • Alim Hamitov — “MOST Ventures” bosh direktori;
  • Mirat Axmetsadiqov — “MOST Holding” bosh direktori;
  • Inkar Ospanova — “MOST Ventures” moliyaviy direktori;
  • Baurjan Murzaxmetov — “MOST Investment Limited” bosh ichki auditori;
  • Dilshod Zufarov — “UzAngels” rahbari.

“Business Angel School” 18−19 dekabr kunlari “C-Space” kovorking markazining Yunusobod filialida bo‘lib o‘tadi.

Dasturda ishtirok etish bepul bo‘lib, buning uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish hamda dastlabki saralashdan o‘tish kerak.

Joylar soni cheklangan. Dasturning batafsil jadvali bilan bu yerda tanishish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.

Avvalroq “Vention” kompaniyasi QA bo‘yicha individual amaliyot dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.