Joriy yilning 25-oktabr kuni Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov lavozimidan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi. U 2022-yilning avgust oyi oxiridan buyon mazkur lavozimda ishlab kelayotgandi.

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziriga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llanilib, hibsga olindi, deya xabar bermoqda “gazeta.uz” nashri.

Qayd etilishicha, Aziz Voitov iqtisodiy jinoyatlar bilan bog‘liq ish yuzasidan tergov qilinmoqda.

Voitov Aziz Botirovich 1980-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent moliya instituti va Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.

2000−2007 yillar davomida “O‘zmilliybank"da turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2017−2020 yillarda “O‘zsanoatqurilishbank” boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlagan.

2020-yilning mart oyida o‘sha paytda bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bo‘lgan Sardor Umurzakovga birinchi o‘rinbosar bo‘lgan.