Singapurning “Wilmar International Limited” kompaniyasi Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi zavod qurishni rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev korxona vakillari bilan onlayn muloqot olib borib, loyihani amalga oshirishga qaratilgan memorandumni imzoladi.

Loyiha qiymati $100 mlnni tashkil etib, bo‘lajak korxonada un, o‘simlik moylari, tarkibida oqsil miqdori yuqori yem mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Zavod qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari joriy yilning birinchi yarmida yakunlanadi. 2024−2025 yillarda loyihani amalga oshirish belgilangan.

Shuningdek, “Wilmar” mahsulotlarni Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va boshqa mamlakatlar bozorlariga eksport qilish uchun distribyutorlik markazini yaratadi.

Loyiha Surum qishlog‘ida, temir yo‘l va Toshkent halqa yo‘liga tutashgan 30 gektar maydonda amalga oshiriladi. Kelajakda korxona kengaytirilishi mumkin.

Avvalroq Xitoy kompaniyasi Farg‘onada qishloq xo‘jaligi mashinalarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Paxta terish mashinalarini viloyatga olib kelinib, shu yerning o‘zida yig‘ish, o‘quv va servis xizmatlarini tashkil etish belgilangan.