Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi o‘rta tadbirkorlar uchun “Xizmatlar ipotekasi” moliyaviy yordamini taqdim etish yuzasidan ochiq tanlovga arizalar qabul qilmoqda.

Mazkur moliyaviy yordam ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va qadoqlash tarmoqlari bo‘yicha ko‘chmas mulk va asbob-uskunalar sotib olishga taqdim etiladi.

Loyiha doirasida mablag‘lar ko‘chmas mulk va asbob-uskunalarning 70%igacha, 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda taqdim etiladi.

Moliyaviy yordam milliy valyutada, yillik 18% yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti asosida 7 yilgacha ajratiladi. Asosiy qarz bo‘yicha imtiyozli davr loyiha tavsifidan kelib chiqib belgilanadi.

Shuningdek, dasturdan foydalanganlik uchun moliyaviy yordam summasining 0,6%i miqdorida vositachilik haqi belgilanadi.

Loyiha ishtirokchilariga qo‘yiladigan talablar:

  • yomon kredit tarixiga ega bo‘lmaslik;
  • muddati o‘tgan qarzdorliklari mavjud bo‘lmaslik, tugatish jarayonida va bankrotlik ishi qo‘zg‘atilmagan, zarar bilan faoliyat yuritayotgan bo‘lmaslik;
  • tashabbuskorlar kamida 30% ulush bilan ishtirok etishi;
  • 24 oydan ortiq faoliyat yuritayotgan hamda oxirgi 1 yilda kamida 50 nafar kishini doimiy ish bilan ta’minlagan bo‘lish.

Loyiha anketasi tasdiqlangan o‘rta tadbirkorga xabar yuboriladi (rasmiy sayt orqali ham ma’lum qilinadi) va ulardan to‘liq loyiha arizasini, biznes-rajalari hamda boshqa hujjatlarni taqdim etishlari so‘raladi.

Amaldagi qonunchilik va ko‘rsatmalarga muvofiq barcha talab etiladigan arizalar, hujjatlar va ma’lumotlarni quyida ko‘rsatilgan mezonlarga ko‘ra baholash uchun tanlab oladi.

Yangi ish o‘rinlarini yaratish soni, ishchi xodimlarning mehnatiga haq to‘lash miqdorlarining, qo‘shimcha qiymat yaratilishining yuqoriligi hamda “yashil” va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish nazarda tutilgan loyihalarga ustunlik beriladi.

Tanlovda ishtirok etish uchun tadbirkorlardan arizalar joriy yilning 27-martigacha ipoteka@edcom.uz elektron pochta manzili orqali qabul qilinadi.

Ariza namunasi bilan havola orqali tanishish mumkin. Tanlov shartlari batafsil bu yerda berilgan.

Shuningdek, qo‘shimcha ma’lumotlarni +99871 238 69 74 telefon raqami orqali olish mumkin.


Avvalroq USAID tadbirkorlar uchun grant dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi. Unda kichik va o‘rta biznes vakillari, maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchilar hamda NNTlar ishtirok etishlari mumkin.