5-iyun kuni prezident tomonidan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonun imzolandi.

Hujjat davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, ustav fondida davlat ulushi 50% miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etiladi.

Qonunda davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi, manfaatlar to‘qnashuvi, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha maxsus bo‘linma, shaxsiy manfaatdorlik, yaqin qarindoshlar kabi asosiy tushunchalar kiritildi.

Quyidagi shaxslar davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar deb e’tirof etiladi:

  • davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari;
  • davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, o‘sha yuridik shaxs;
  • davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoxud uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsda boshqaruv organining rahbari yoki a’zosi bo‘lsa, o‘sha yuridik shaxs.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi tomonidan qonun talablariga rioya etilishi ustidan nazorat ushbu davlat organida yoki boshqa tashkilotda tuzilgan odob-axloq komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi tomonidan mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabarnoma hamda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etish orqali amalga oshiriladi.

Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:

  • davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining lavozimi hamda uning familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek uning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
  • davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi yaqin qarindoshlarining familiyasi, ismi va otasining ismi, ularning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud bo‘lgan taqdirda), shuningdek ish joyi va lavozimi;
  • davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoki uning yaqin qarindoshlari aksiyador bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatining rasmiy nomi va uning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;
  • davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshi muassis (ishtirokchi), boshqaruv organi a’zosi bo‘lgan yuridik shaxsning rasmiy nomi, shuningdek uning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami.

Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish va aniqlashda ishtirok etadigan xodimlarga ishonib topshirilgan yoxud ularga kasbiy, xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan ma’lum bo‘lib qolgan shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlarini oshkor etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning odob-axloq komissiyasi mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvlari to‘g‘risida har yarim yilda xulosa qabul qiladi hamda ularni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilgan choralarning yetarliligini (to‘g‘riligini) ko‘rib chiqadi.

Komissiya aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi hollarini maxsus bo‘linma bilan birgalikda tahlil qiladi va davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimlari o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boradi.

Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda qabul qilingan qarorlar yoki tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi.

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi belgilangan hollarda mavjud manfaatlar to‘qnashuvi o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan paytdan 1 ish kuni ichida belgilangan shakldagi xabarnomani to‘ldirishi va o‘zining bevosita rahbariga yoki maxsus bo‘linmaga taqdim etishi shart,

Bunda quyidagi hollar nazarda tutilgan:

  • yaqin qarindoshlari bevosita xodimning bo‘ysunuvidagi ishga qabul qilingan bo‘lsa (davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi lavozimga ishga qabul qilingan hollar bundan mustasno) yoki xodimning ishiga fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida o‘ziga aloqador shaxslar jalb etilgan bo‘lsa;
  • u o‘ziga aloqador shaxslarga taalluqli masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etayotgan bo‘lsa;
  • yaqin qarindoshi tekshiruv o‘tkazilayotgan obyektda (yuridik shaxsda) tekshiruv yo‘nalishi bo‘yicha mas’ul mansabdor shaxs sifatida ishlayotgan bo‘lsa yoki mazkur tekshiruv obyekti (yuridik shaxs) unga aloqador shaxs bo‘lsa;
  • boshqa har qanday mavjud manfaatlar to‘qnashuvi o‘ziga ma’lum bo‘lib qolsa.

Qonunga ko‘ra, davlat organining yoki boshqa tashkilotning rahbar xodimi hamda maxsus bo‘linmaning rahbari manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish uchun mas’ul hisoblanadi.

Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar tarkibiy bo‘linmasining rahbari mavjud manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida ko‘rilgan choralar to‘g‘risida maxsus bo‘linmaga 1 ish kuni ichida axborot taqdim etishi shart.

Maxsus bo‘linma ko‘rilgan choralarning yetarliligi (to‘g‘riligi) to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish uchun axborotni 3 ish kuni ichida odob-axloq komissiyasiga taqdim etadi.

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi shaxsga doir ma’lumotlari o‘zgargan taqdirda, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldirishi va har yili 15-yanvardan kechiktirmay maxsus bo‘linmaga taqdim etishi kerak.

Davlat organiga yoki boshqa tashkilotga ishga qabul qilinayotgan nomzod, shuningdek boshqa ishga o‘tkazilgan xodim ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi belgilangan shakldagi deklaratsiyani to‘ldirishi va taqdim etishi kerak. Maxsus bo‘linma:

  • ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi har yilgi deklaratsiyani har yili 15-fevralgacha umumlashtiradi va tahlil qiladi;
  • ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha choralarning yetarliligini (to‘g‘riligini) ta’minlash uchun har yili 1-martgacha odob-axloq komissiyasiga taklif kiritadi;
  • komissiyasi tomonidan qabul qilingan xulosaga asosan ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining bevosita rahbariga yoxud davlat organining yoki boshqa tashkilotning yuqori turuvchi rahbariga taklif kiritadi.

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimligiga nomzod ishga qabul qilinayotganda yoxud davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi boshqa ishga o‘tkazilayotganda, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etganidan keyin maxsus bo‘linma yuqorida nazarda tutilgan ishlarni 5 kunlik muddatda amalga oshiradi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 6 oy o‘tgach, 6-dekabrdan kuchga kiradi.