Hukumatning 30-noyabrdagi tegishli qarori bilan Yashil xayriya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjat bilan, mazkur xayriya jamg‘armasi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda Ekologiya vazirligi huzurida tashkil etiladi.

Tovar va xizmatlarni realizatsiya qilishda iste’molchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladigan “Yashil to‘lov” ustama turi joriy qilinadi.

2025-yilning 1-martidan boshlab jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda xayriya to‘lovlarini “Yashil olam” va “Yashil to‘lov” elektron platformalari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Mablag‘lar jamg‘armada saqlanib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida aholi buyurtmanomalari asosida daraxt ekish hamda mamlakatda ekologik holatni yaxshilash ishlariga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, loyiha doirasida daraxt va buta ko‘chatlarini xarid qilish, yer maydonlarini tayyorlash, sug‘orish tizimini joriy etish hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish moliyalashtiriladi.

Bundan tashqari, jamg‘arma mablag‘lari fuqarolar, maqsadli jamg‘armalarning homiylik xayriyalari, “Yashil to‘lov” ustamalari, xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlar grantlari va boshqalar hisobidan shakllantiriladi.

2025-yil 1-iyungacha Milliy yashil farovonlik fondi — elektron ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Unga mamlakatdagi, jumladan, davlat o‘rmon fondiga kiradigan daraxt va butalar haqidagi ma’lumotlar kiritilib, o‘simlik dunyosi obyektlari davlat kadastri yuritiladi.

Ekologiya vazirligiga ikki oy ichida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan mazkur platformalarni ishlab chiqish va ishga tushish topshirildi.

2023-yilning noyabrida qabul qilingan prezident farmonida mamlakatda yashillik darajasini oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari belgilangandi.