Raqobat qo‘mitasi yirik savdo tarmoqlariga muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini asossiz oshirishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
12-dekabr kuni savdo tarmoqlari vakillari bilan Yangi yil bayrami arafasida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi. Bu qo‘mita vakolatlari doirasida ichki bozorda iste’mol tovarlari narxlarini tahlil qilish hamda savdo faoliyatida raqobatni ta’minlashga qaratilgan.
Uchrashuvda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlariga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash va ularni barqarorlashtirish choralari bo‘yicha masalalar hamda chakana savdo tarmoqlarida bunday mahsulotlar savdosi bilan bog‘liq muammolar muhokama qilindi.
Qo‘mita bayram arafasida keskin talab oshadigan ijtimoiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha 8ta chakana savdo tarmog‘i — “Korzinka”, “Makro”, “Havas”, “Baraka”, “Magnum”, “Assorti”, “b1” va “Magnit"ga ko‘rsatmalar yubordi.
Mazkur chakana savdotarnoqlari yetkazib beruvchi korxonalar tomonidan narxlar o‘zgartirilishi, logistika xarajatlari va boshqa narxlarning oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillar to‘g‘risida qo‘mitani tezkor xabardor qilib borishlari belgilandi.
Shu bilan birga, yetkazib beruvchilarni asossiz narxlarni oshirishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ogohlantirib borishlari kerak.
Avvalroq Yangi yil bayramida Toshkentdagi avtobuslar qanday ishlashi ma’lum qilingandi. Avtobus harakati 14-dekabrda ish kunlari, 30−31 dekabrda esa yakshanba kunlari uchun tasdiqlangan jadvallar asosida tashkil etiladi.