“Tashabbusli budjet” jarayonining 2025-yilgi ilk mavsumiga 1-fevraldan start beriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bunda loyihalarni kiritish 1−20-fevral kunlari amalga oshiriladi. Undan keyin, 21-fevraldan 7-martgacha loyihalarni saralash o‘tkaziladi.
Keyingi bosqich — targ‘ibot — 8−10 mart kunlari. Ovoz berish jarayoni esa 11−20-mart kunlari davomida o‘tkaziladi.
Joriy yildagi birinchi mavsum g‘oliblari 21-mart kuni e’lon qilinadi.
Mazkur mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 2,6 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Joriy yilda loyihalarning eng yuqori qiymati 1,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Shunga ko‘ra, tuman va shahar budjetidan ajratiladigan mablag‘larning eng kam miqdori 15 mlrd so‘m, eng yuqori miqdori esa — 45 mlrd so‘m.
2023-yilgi oxirgi mavsum jarayonida “Tashabbusli budjet” doirasida xodimlarni majburiy ovoz yig‘ish ishlariga jalb qilganlik uchun qanday jazo mavjudligi haqida ma’lumot berilgandi.