O‘zbekistonda Leapmotor avtomobillari sertifikatsiyasiga qo‘yilgan cheklovlar qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Inspeksiya tomonidan Xitoy kompaniyasiga nisbatan qo‘yilgan cheklov yuzasidan muzokaralar davom etmoqda. Yaqin kunlarda Leapmotor mutaxassislarining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan.
Kompaniya mutaxassislari ishtirokida mahsulotlar sinov jarayonlarini qayta o‘tkazish belgilangan.
Mart oyi oxirida Texnik jihatdan tartibga solish (O‘zstandart) agentligi tomonidan O‘zbekistonda Leapmotor brendi ostidagi yengil avtomobillarni sertifikatlash vaqtincha to‘xtatildi.
Sinov jarayonida M1 toifasidagi Leapmotor C16 rusumli avtomobilining muvofiqligi baholanib, uning belgilangan talabga nomuvofiqligi, xususan, xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlangan.
Avvalroq Biznes-ombudsman elektromobillar importidagi cheklovlar bo‘yicha O‘zstandart agentligiga so‘rov yuborgandi. Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bundan bir yil oldin ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan avtosalonlar rahbarlarining murojaati qonuniy jihatdan o‘rganilayotganini bildirdi.