2027-yilda Apple smartfonlari narxlarining oshishi aniqligi ma’lum qilindi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar bermoqda.

Agentlik sharhlovchisi Mark Gurmanning eslatishicha, 2027-yilda Apple birinchi iPhone chiqarilganining 20 yilligini nishonlaydi. Shu munosabat bilan korporatsiya noyob flagman smartfon va birinchi buklanadigan qurilmani taqdim etadi.

Gurmanning fikricha, iste’molchilar narxlarning oshishiga tayyorgarlik ko‘rishlari kerak, chunki yubiley qurilmalari rekord darajada qimmat bo‘ladi.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, Apple yangi flagmanida maxsus detallar va tarkibiy qismlardan foydalanmoqchi. Shuningdek, yubiley iPhone “o‘ta murakkab” tuzilishga ega bo‘ladi, bu ham gadjetning narxiga ta’sir qiladi.

Gurman, shuningdek, Vashington va Pekin o‘rtasidagi savdo urushi tufayli Apple Amerika bozori uchun barcha iPhone’larni ishlab chiqarishni Xitoydan Hindistonga ko‘chirish niyatida ekanligini eslatdi.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu mintaqada smartfon ishlab chiqarish Xitoyga qaraganda 5−10%ga qimmatroq.

Aprel oyi boshida insayder Mark Gurman birinchi iPhone’ning 20 yilligi munosabati bilan Apple kompaniyasi noyob smartfon taqdim etishini aytgandi. U asosan shishadan tayyorlanishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot Yevrokomissiya Apple’ga $570 mln va Meta’ga $228 mln jarima solgani haqida yozgandi.

Regulyatorning jarima solishiga ikkala kompaniyaning monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzgani sabab bo‘lgan.