Uzbekistan Airways Pokiston va Hindiston chegarasi yaqinidagi havo hududidan foydalanishga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklovlar tufayli parvoz jadvaliga majburiy o‘zgarishlar kiritdi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar beradi.

Mazkur o‘zgarishlar Toshkentdan Dehli, Mumbay, Lahor, Bangkok, Kuala-Lumpur, Phuket va ushbu shaharlar bilan bog‘liq qaytish yo‘nalishlariga taalluqlidir. Natijada, bu uchish vaqtini o‘rtacha 1,5 soatga yoki undan ko‘proqga oshirishi mumkin.

Bekor qilingan reyslar uchun yo‘lovchilarga mavjud joylarni bron qilish yoki aviachipta summasini to‘liq qaytarish imkoniyati taqdim etiladi. Har ikki holatda ham jarima qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, Toshkentdan Dehli, Mumbay hamda Lahor shaharlari parvozlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar parvozlar jadvali to‘liq yangilangandan so‘ng ma’lum qilinadi.

“Mavjud sharoitda reyslarimiz o‘z vaqtida amalga oshirilishida davom etmoqda. Shu bilan birga, xavfsizlik nuqtai nazaridan yo‘nalishlarda qo‘shimcha o‘zgarishlar, jadvaldagi tuzatishlar va boshqa moslashuvlar bo‘lishi ehtimoldan holi emas”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, aviakompaniya yo‘lovchilarni yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar uchun jadvalni oldindan tekshirishni so‘ramoqda.

8-may kuni Uzbekistan Airways Pokiston va Hindiston chegarasi yaqinidagi havo hududidan vaqtincha o‘tishga qo‘yilgan cheklovlar sababli Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi yo‘nalishlarida parvozlar jadvaliga o‘zgartirishlar kiritilishini bildirdi.

Undan oldin aviakompaniya Pokistonning ikkinchi yirik shahri Lahorga va Nyu-Dehliga asosan janubiy yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni amalga oshirib, Kashmirning Pokiston nazorati ostidagi hududlarini chetlab o‘tayotgani ma’lum qilgandi.

Avvalroq 30-maydan Sariosiyo aeroporti muntazam parvozlarni qabul qilishni boshlashi haqida xabar berilgandi. Silk Avia Toshkent-Sariosiyo yo‘nalishidagi aviaqatnovlarni haftasiga ikki marta — chorshanba va juma kunlari amalga oshiradi.