Avtomobil egalari ijara shartnomalarini bekor qilishni va sud xarajatlarini qoplashni talab qilmoqda, ular Maskning xatti-harakatlari tufayli obro‘siga putur yetganini da’vo qilmoqda.

Bu haqda da’vogarlar manfaatlarini himoya qiluvchi GKA yuridik kompaniyasiga tayanib Reuters nashri xabar berdi.

GKA huquqshunoslari aytishicha, “Tesla avtomobillari kuchli siyosiy ramzga aylanib qoldi, bu esa ularni faqat innovatsion va ekologik toza transport vositasi sifatida xarid qilganlarning chuqur ko‘ngli qolishiga sabab bo‘lmoqda”.

Maskning Donald Trampni va Germaniyaning o‘ta o‘ng qanotdagi AfD partiyasini qo‘llab-quvvatlashi fonida AQSh va boshqa mamlakatlarda Tesla elektromobillariga hamda kompaniya avtosalonlariga nisbatan vandalizm holatlari ham qayd etilgan.

Ularga o‘q otishgan, yonuvchi suyuqlik solingan shishalarni uloqtirishgan, shuningdek, haqoratli so‘zlar va svastika bilan bo‘yashgan.


Avvalroq Spot Tramp bilan nizo Ilon Maskning biznes imperiyasini qanday xavf ostiga qo‘ygani haqida yozgandi.

Tesla aksiyalari 14%dan ko‘proqqa tushib ketdi, bu esa kompaniyaning bozor kapitallashuvini $138 mlrdga pasaytirdi. Maskning o‘zi bir kunda $34 mlrdga yaqin boyligini yo‘qotdi.

Qayd etilishicha, mojaro fonida NASA va Pentagon SpaceX’ga muqobil izlashni boshlashgan. Ular kompaniyaning raqobatchilariga murojaat qilib, muqobil raketalar va kosmik kemalarni ishlab chiqarishni tezlashtirishni so‘rashdi.