Citibank’ga egalik qiluvchi Citigroup kompaniyasi yaqin vaqt ichida O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
25-iyun kuni vazir Laziz Kudratov Citigroup’ning mijozlar bilan ishlash bo‘yicha bosh direktori Devid Livingston boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar investitsiyalarni jalb etish, eksportni qo‘llab-quvvatlash va davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Yaqin kunlarda Citigroup Toshkent shahrida o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirayotgani ta’kidlandi. Vazirlik bu amalga oshirilayotgan barcha loyihalar doirasida hamkorlikni kengaytirish uchun “muhim qadam bo‘lishi"ni qayd etdi.
Citigroup rivojlanayotgan bozorlar bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan, dunyodagi yetakchi moliyaviy korporatsiyalardan biridir.
ISSV xabarida bunday tuzilmalar bilan hamkorlik qilish O‘zbekistonni mintaqaviy moliyaviy markazga aylantirishga qaratilgan strategik maqsadlarga mos kelishi bildirilgan.
2023-yilning kuzida Shavkat Mirziyoyevning Nyu-Yorkda Citigroup moliyaviy korporatsiyasi raisi Jon Dugan bilan uchrashuvida bank-moliya sohasini rivojlantirish, fond bozoridagi qimmatli qog‘ozlar jozibadorligi va likvidligini oshirish uchun samarali vositalarni joriy etish, mamlakat kapital bozoriga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilingandi. Prezident Citigroup’ning mamlakatda Citibank sho‘ba banki ofisini ochish bo‘yicha rejalarini qo‘llab-quvvatladi.
Markaziy bank reyestriga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 7 ta xorijiy bank vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. Ulardan ikkitasi Janubiy Koreya banklariga (Korea Eximbank va Shinhan Bank), yana ikkitasi Germaniya banklariga (Landensbank Baden-Wurttemberg va Commerzbank AG) tegishli. AQSh (JP Morgan Chase), Rossiya (Gazprombank) va Xitoy (Eksimbank) banklarida yana bittadan ofis mavjud.
Avvalroq Tojikiston Oriyonbankining O‘zbekistondagi ofisi o‘z faoliyatini to‘xtatgani haqida xabar berilgandi. Markaziy banki boshqaruvi qarori bilan vakolatxonaning akkreditatsiya guvohnomasi bekor qilindi.