O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan Turkiyaning CitiBank AS vakolatxonasi akkreditatsiya qilindi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
“Vakolatxona mamlakat moliya bozorini o‘rganish va davlat organlari hamda moliya tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etildi”, — deyiladi xabarda.
Markaziy bank reyestriga ko‘ra, akkreditatsiya hujjati 2028-yilning 9-iyuligacha amal qiladi. Vakolatxona rahbari sifatida Abbos Jo‘rabaev ko‘rsatilgan. Uning joylashuv manzili esa keltirilmagan.
Joriy yilning iyun oyida Citibank’ga egalik qiluvchi Citigroup kompaniyasi yaqin vaqt ichida O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgani — Toshkent shahrida o‘z vakolatxonasini ochishi ma’lum qilingandi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Citigroup’ning mijozlar bilan ishlash bo‘yicha bosh direktori Devid Livingston boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashib, investitsiyalarni jalb etish, eksportni qo‘llab-quvvatlash va DXSh loyihalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. ISSV bank ofisi ochilishini barcha loyihalar doirasida hamkorlikni kengaytirish uchun “muhim qadam bo‘lishi"ni kutmoqda.
2023-yilning kuzida Shavkat Mirziyoyevning Nyu-Yorkda Citigroup moliyaviy korporatsiyasi raisi Jon Dugan bilan uchrashuvida bank-moliya sohasini rivojlantirish, fond bozoridagi qimmatli qog‘ozlar jozibadorligi va likvidligini oshirish uchun samarali vositalarni joriy etish, mamlakat kapital bozoriga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilingandi. Prezident Citigroup’ning mamlakatda Citibank sho‘ba banki ofisini ochish bo‘yicha rejalarini qo‘llab-quvvatladi.
Markaziy bank reyestriga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy bank vakolatxonalari soni 8 tani tashkil etadi. Ulardan ikkitasi Janubiy Koreya (Korea Eximbank va Shinhan Bank), yana ikkitasi Germaniya banklariga (Landensbank Baden-Wurttemberg va Commerzbank AG) tegishli. AQSh (JP Morgan Chase), Rossiya (Gazprombank) va Xitoy (Eksimbank) banklarida yana bittadan ofis mavjud.
Avvalroq Tojikiston Oriyonbankining O‘zbekistondagi ofisi o‘z faoliyatini to‘xtatgani haqida xabar berilgandi. Markaziy banki boshqaruvi qarori bilan vakolatxonaning akkreditatsiya guvohnomasi bekor qilindi.
CitiBank AS AQSh CitiBankining Turkiyadagi sho‘ba banki hisoblanadi. CitiBank yetakchi moliya tashkilotlaridan biri bo‘lib, dunyo bo‘ylab 180dan ortiq mamlakatlarda chakana, korporativ, investitsion bank xizmatlari hamda aktivlarni boshqarish xizmatlarini taqdim qiladi.