O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025−2028-yillarga mo‘ljallangan dasturi tasdiqlandi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni kuni tanishgan ushbu masalaga oid takliflar taqdimotida taʼkidlandi.
Taqdimotda mutasaddilar dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berdi.
Jumladan, dasturda suv resurslaridan oqilona foydalanishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Shu maqsadda 2 551 km irrigatsiya tarmoqlari rekonstruksiya qilinishi belgilangan. Nasos stansiyalaridagi eski uskunalarni tejamkoriga almashtirish orqali ularning yillik elektr isteʼmolini 6,8 mlrd kVt/soatdan 6,2 mlrd kVt/soatgacha kamaytirish mo‘ljallangan.
Yerlarning holati suv sarfida muhim omil hisoblanishidan kelib chiqib, dasturda suv taʼminoti past bo‘lgan sug‘oriladigan maydonlarni 424 ming gektardan 276 ming gektargacha kamaytirish ko‘zda tutilgan. Turli darajada sho‘rlangan hamda yerosti suvining sathi muammoli bo‘lgan maydonlar ham kamaytiriladi. Natijada foydalanishdan chiqib ketgan 460 ming gektar yer ekishga qaytariladi.
Yana 1,4 gektar yerda suv tejovchi, shu jumladan, 293 ming gektarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etiladi. 20 ta yirik inshootlarda nazorat-o‘lchov uskunalari modernizatsiya qilinadi.
Suv hisobini yuritishda inson omilini kamaytirish muhimligi ta’kidlandi. Bu borada 12 mingta meliorativ kuzatuv qudug‘ida hamda 1 750 ta nasosda zamonaviy monitoring yo‘lga qo‘yiladi. 12 ta yirik suv xo‘jaligi inshooti raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan boshqaruvga o‘tkaziladi.
Umuman, dastur natijasida beton qoplamali kanallar ulushi hozirgi 39% dan 47% ga yetishi, irrigatsiya tarmoqlarining sifati oshib, yo‘qotishlar kamayishi, shuningdek, tejamkorlik hisobiga bu yil 10 mlrd kub metr, 2028-yilga borib 14 mlrd kub metr suv iqtisod qilinishi kutilmoqda.
Taqdimotda, shuningdek, sohada samaradorlikni oshirish, raqamlashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish borasidagi ishlar to‘g‘risida ham axborot berildi.
Hozirgi kunda viloyatlar, tumanlar va xo‘jaliklar miqyosidagi 18 755 ta gidropostni avtomatlashtirish boshlangan. Keyingi bosqich dalalarga suv taqsimlovchi nuqtalarda rejalashtirilgan.
Suv xo‘jaligini raqamlashtirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Sohaga daxldor idoralardagi 11 ta dasturni integratsiya qilib, yagona platforma ishlab chiqish, IT-markaz va Vaziyatlar markazi tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Bunda O‘zbekkosmos imkoniyatlaridan foydalaniladi.
5 200 ta nasosni elektr va suv hisoblagichlar bilan jihozlash, yirik nasoslarni muqobil energiyaga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Bunda olinadigan maʼlumotlar raqamli platformada jamlanadi, suvning iqtisodiy samaradorligi tahlil qilib boriladi.
Bugungi kunda 2 612 ta suv obyekti DXShga berilgan. Endi yirik nasoslar ham xususiy sektorga taklif qilinadi. Ularning har biri uchun alohida jozibador shartlar ishlab chiqiladi.
O‘tgan yili tuman irrigatsiya bo‘limlari negizida 159 ta “Suv yetkazib berish xizmatlari” davlat muassasasi tashkil qilingan edi. Ushbu quyi bo‘g‘in faoliyatini yaxshilash maqsadida endi ularga o‘z mablag‘ini mustaqil taqsimlash huquqini berish ko‘zda tutilmoqda.
Sohada xizmatlarni yaxshilash va samaradorlikni taʼminlash mutaxassislar tajribasiga ham bog‘liq. Shu maqsadda 200 o‘rinli malaka oshirish markazi tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Prezident sohaga oid meʼyoriy hujjatlarni takomillashtirish, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, jamiyatda suvni tejash madaniyatini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Avvalroq prezident tomonidan imzolangan qonun bilan O‘zbekistonning Suv kodeksi tasdiqlangan edi.