Avgust oyida xorijda ishga joylashtirish bilan shug‘ullangan Adworld Group 112,5 mln so‘m jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.
Raqobat qo‘mitasining xabar berishicha, ushbu korxonani reklama qilgan ikki nafar bloger ishi sudga oshirildi.
Jumladan, iwash_tashkent sahifasini yurituvchi bloger Otabek Jo‘rayev hamda @abdurahmonmufid sahifasini yurituvchi Abdurahmon Abduraxmonov tomonidan xorijga ishga yuborish xizmatlari haqida reklama joylashtirilgan.
O‘rganishlar natijasida ushbu blogerlarning Adworld Group kompaniyasini fuqarolarga konsalting xizmatlari emas, balki xorijga ishlash uchun yuborish bo‘yicha xizmatlar bilan shug‘ullanayotganini reklama qilgani aniqlandi.
“Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi qonunning 13-moddasiga muvofiq, xususiy bandlik agentliklarining xorijda ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar litsenziya mavjud bo‘lsa taqdim etilishi belgilangan.
“Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 16-moddasida ishlab chiqarilishi va realizatsiya qilinishi uchun tegishli sertifikatlari va litsenziyalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni reklama qilish taqiqlangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan fuqarolarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudga yuborildi.
Hukumatning joriy yil aprel oyidagi tegishli qarori bilan fuqarolarni xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish faoliyati bilan Migratsiya agentligi shug‘ullanishi belgilangan. Mazkur faoliyat bilan esa faqat agentlik tomonidan litsenziya olgan xususiy bandlik agentliklari shug‘ullanishlari mumkin. Rasmiy ro‘yxat bu yerda.
Iyun oyida Raqobat qo‘mitasi xorijga ish va o‘qishga ketayotgan fuqarolarni firibgar konsalting firmalardan ogohlantirgandi. Qo‘mita ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolar ishonchiga kirib, xorijga ishga yoki o‘qishga yuborishni va’da qilib, faqat pul olgan vs xizmat ko‘rsatmagan konsalting firmalarni keltirdi.
Avvalroq bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgan yana ikki bloger javobgarlikka tortilgani haqida xabar berilgandi. Ular sahifalariga Melbet tovar belgisidan foydalanib qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi sahna ko‘rinishlari mavjud videolar joylashtirgan.