O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim tayyorlanadi. Bu haqda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Qatarning davlat va biznes sektori vakillari o‘tkazgan uchrashuvlarida aytilgan.

Muzokaralar investitsiya va tashqi savdo blokiga mas’ul vazirlar hamda Qatar Pharma, Tamam International, Almana Group, Ariane Real Estate, Retaj Group, Al Mansour Group, Petro White, Qatar Mining, Global Infrastructure Partners, Qatar Investment Authority va Al Jabor Trading kabi yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston tomoni energetika, farmatsevtika, mashinasozlik, qurilish materiallari, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, turizm yo‘nalishlarida investitsiya imkoniyatlarini taqdim etdi.

Muzokaralar yakunida quyidagilarga kelishildi:

  • farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirish;
  • qurilish va ko‘chmas mulk sohalarida loyihalarni amalga oshirish;
  • “aqlli” shahar hududlarini rivojlantirish;
  • foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash;
  • turizm infratuzilmasi va mehmonxona biznesiga investitsiyalar kiritish.

Shuningdek, tomonlar Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash, 2026-yilda Dohada Made in Uzbekistan ko‘rgazmasini o‘tkazish hamda O‘zbekiston — Qatar biznes kengashini tashkil etishga kelishib oldi.

Avvalroq Yaponiyaning Sojitz korporatsiyasi Toshkentning yangi xalqaro aeroportiga $200 mln sarmoya kiritishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.