22-avgust kuni “Avaza” milliy turizm zonasida Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston yetakchisi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflarni bildirdi. Uch davlatning ulkan tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish muhimligi qayd etildi.

Amaldagi va istiqbolli yo‘laklarning tutashuvi Xitoyni mamlakatlar hududlari orqali Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bog‘laydigan barqaror va samarali transqitʼaviy yo‘nalishni shakllantirish imkonini berishiga ishonch bildirildi.

Hozirgi kunda Xitoy-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlangan. Bundan tashqari, yaqinda Pokiston va Afg‘oniston bilan Transafg‘on yo‘lagini qurish loyihasi bo‘yicha memorandum imzolandi.

Yangi yuk oqimlari, eng avvalo, Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston infratuzilmasidan samarali foydalanishni taʼminlashi qayd etildi. O‘rta marshrutni, shu jumladan Zangezur yo‘lagini rivojlantirish borasidagi rejalar ham qo‘llab-quvvatlandi.

Eng muhim masalalarni birgalikda ekspertlar darajasida ishlab chiqishga kirishish taklif qilindi. Bu — o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish, shu jumladan Turkmanboshi va Boku portlarida zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish, kelishilgan tarif siyosatini yuritish, tartib-taomillarni raqamlashtirish va yuklar nazoratini taʼminlash masalalari.

O‘zbekiston asosiy bozorlarga biznes uchun eng qisqa va manfaatli chiqishni taʼminlash maqsadida yuk tashish tariflarini o‘zaro asosda pasaytirishga tayyorligi bildirildi.

Bundan tashqari, saʼy-harakatlarni birlashtirish logistika infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan donor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan pragmatik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini berishi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Kaspiy dengizi orqali yuklarni tashish uchun o‘z parom quvvatlarini yaratishdan manfaatdorligi bildirildi.

Energetika xavfsizligini taʼminlash maqsadida kooperatsiyani chuqurlashtirish va energiya resurslarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilish yo‘laklarini rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Bu borada Yevropaga “yashil” energiya yetkazib berishni tashkil etish loyihasi istiqbolli ekani taʼkidlandi.

Anʼanaviy uglevodorodlar borasida Kaspiy shelfida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va konlarni o‘zlashtirish sohasida hamkorlik istiqbollarini o‘rganish taklif etildi.

Tovar ayirboshlashni va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini tubdan oshirish yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Turkmaniston va Ozarbayjon bilan o‘zaro savdo hajmi 2 barobarga oshdi. Tovar ayirboshlash tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi 40% ga yetdi.

Barqaror savdo-logistika zanjirlarini rivojlantirish, ulgurji-taqsimot markazlarini tashkil etish va yirik savdo tarmoqlariga chiqish, fitosanitariya va karantin talablarini unifikatsiya qilish, mahsulotlarni raqamli markirovkalashni joriy qilish, qo‘shma elektron platformalarni ishga tushirish va tovar-xomashyo birjalari kooperatsiyasini kengaytirishni nazarda tutadigan kompleks harakatlar rejasini birgalikda tayyorlash taklif qilindi.

Savdo-sanoat palatalari shafeligida ko‘rgazma-yarmarka tadbirlari va ishbilarmonlik uchrashuvlarini o‘tkazish orqali uch mamlakat hududlarini ushbu jarayonlarga faol jalb qilish taklif qilindi.

Gumanitar aloqalarni kengaytirish doirasida mamlakatlar va uchinchi davlatlardan sayyohlar oqimini ko‘paytirish, xalqlarning boy madaniy merosi mushtarakligi, anʼana va urf-odatlari yaqinligini namoyish etish imkonini beradigan turizm va madaniy almashinuvlarning uch tomonlama dasturini qabul qilish taklif qilindi.

Yakunda davlat rahbari ilgari surilgan tashabbuslar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun “yo‘l xaritasi"ni tayyorlash, shuningdek, asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha vazirlarning qo‘shma uchrashuvlari mexanizmini ishga tushirishni taklif qildi.

Avvalroq, Spot Shavkat Mirziyoyev yaqin oylarda Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.