Goldman Sachs Group Federal zaxira tizimining mustaqilligiga putur yetgan taqdirda, oltin narxi bir unsiya uchun qariyb $5 minggacha ko‘tarilishi mumkinligini bashorat qilmoqda, deya xabar bermoqda Bloomberg.

Bank tahlilchilari, hatto g‘aznachilik obligatsiyalaridan oltinga o‘tkaziladigan aktivlarning oz miqdori ham qimmatbaho metall narxining sezilarli darajada oshishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblashmoqda.

Tahlilchilar, jumladan, Samanta Dartning ta’kidlashicha, Federal zaxira tizimi mustaqilligiga putur yetishi inflyatsiyaga, aksiyalar va obligatsiyalar narxining pasayishiga, shuningdek, dollarning zaxira valyutasi sifatidagi mavqeining zaiflashishiga olib kelishi mumkin.

Bunday sharoitda oltin jozibador jamg‘arma vositasiga aylanishi mumkin, chunki u institutsional ishonchga bog‘liq emas.

Goldman Sachs voqealar rivojining bir nechta ssenariylarini taqdim etdi. Asosiy prognoz 2026-yil o‘rtalariga kelib oltin narxining bir unsiya uchun $4 minggacha ko‘tarilishini taxmin qilmoqda. Salbiy ssenariyda esa narx bir unsiya uchun $4,5 mingga yetishi mumkin. Agar AQSh xususiy g‘aznachilik obligatsiyalari bozorining kamida 1%i oltinga o‘tsa, maksimal $5 minglik prognozga yetishi mumkin.

Avvalroq Yahoo! Finance tahlilchilar Oq uyning tarif bo‘yicha qarorlarini hisobga olgan holda oltin narxining yanada ko‘tarilishini kutayotgani haqida xabar berdi. Jumladan, Macquarie Group vakili Markus Garvi oltin narxi ayrim hollarda $3500gacha yetishi mumkinligini taxmin qildi.

3-sentabr kuni oltin fyucherslari narxi tarixiy maksimumni yangiladi va birinchi marta $3600 dan oshdi.

Dekabr fyucherslarida bir unsiya narxi birinchi marta $3609 dan oshdi, keyin esa soat 12:36da qimmatbaho metall narxi bir unsiya uchun $3602,72ni tashkil qildi.

Xabar nashr qilinayotgan vaqtda oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $3552,9ni tashkil qildi.

goldman sachs, oltin

Avvalroq Citibank 2026-yilda oltin narxi $2500gacha pasayishi kutilayotgani haqida xabar bergandi.

Oltin narxi investitsion talabning kamayishi, global iqtisodiy o‘sish yaxshilangani va AQSh foiz stavkalarining kamaytirilishi tufayli tushishi mumkin.