Nutqni sinxron tarjima qilish uchun AirPods qurilmalaridan foydalanish imkonini beruvchi Live Translation funksiyasi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari foydalanuvchilari va Yevropa hisoblari egalari uchun vaqtincha ishlamaydi. Bu haqda Apple saytida ma’lum qilingan.

“Yevropa Ittifoqida bo‘lganingizda va Apple hisobingiz ham Yevropa Ittifoqida joylashgan bo‘lsa, AirPods orqali jonli tarjima funksiyasidan foydalana olmaysiz”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Kompaniya buning sabablarini ochiqlamagan, biroq ekspertlarning fikricha, cheklov Sun’iy intellekt to‘g‘risidagi qonun va Yevropa Ittifoqining maxfiylik va ma’lumotlar xavfsizligini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun talablari bilan bog‘liq.

Yevropa regulyatorlari yangi texnologiya nutq ma’lumotlarini qanday qayta ishlashini va maxfiylik standartlariga mos kelishini tekshirmoqchi.

Apple, ehtimol, pauzadan xizmatni takomillashtirish va uni Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga to‘liq moslashtirish uchun foydalanadi.

Live Translation funksiyasi AirPods Pro 3 bilan birga debyut qildi va keyinchalik boshqa modellarda, jumladan, ANC bilan AirPods 4 va AirPods Pro 2 da paydo bo‘ladi.

Apple 9-sentabr kuni yillik an’anaviy taqdimotida Airpods Pro 3 quloqchinlarini taqdim etdi.

Unda real vaqt rejimida tarjima funksiyasi mavjud. AirPods Pro 3 bilan Fitness+, shuningdek, Health ilovasi integratsiyasi ham bor

AirPods Pro 3 narxi $249ni tashkil qiladi. Sotuvlar 19-sentabrdan boshlanadi.


Avvalroq Spot Apple to‘rt xil smartfonini chiqarishni to‘xtatgani haqida yozgandi.

Kompaniya iPhone 15, iPhone 15 Plus, iPhone 16 Pro va 16 Pro Max’ni rasmiy sayt va savdo tarmoqlaridan olib tashladi.