Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan 15-sentabr kuni jami 63 kishiga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugab, hukm eʼlon qilindi.
Sud hukmiga ko‘ra sobiq vazir Aziz Voitov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Unga nisbatan yetkazilgan moddiy zararning o‘rni to‘liq qoplanganligi sababli 3 yilga boshqaruv tizimi, rahbarlik va mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilgan tarzda BHMning 400 baravari miqdorida (164,8 mln so‘m) jarima tayinlandi.
Shu bilan birga, har oylik ish haqining 30% ini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Taʼkidlanishicha, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 4-qismida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi belgilangan.
“Shu bois, sudning hukmi bilan yetkazilgan zarar sud jarayoni davomida to‘liq qoplanganligi sababli Aziz Voitovga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanib, depozit hisob raqamiga to‘langan pullar davlat foydasiga o‘tkazilishi belgilangan”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, sobiq Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi direktori Husniddin Karimovga 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilgan holda 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Qolgan 60 nafar sudlanuvchining 9 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 51 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilingan.
2023-yilning oktabr oyida Aziz Voitovning qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimidan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi. U 2022-yilning avgust oyi oxiridan mazkur lavozimda ishlagan. Voitov dekabrga kelib hibsga olindi. Unga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llanilgan hamda iqtisodiy jinoyatlar bilan bog‘liq ish yuzasidan tergov o‘tkazilgan.
2024-yilning 15-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirobod tuman sudida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlanishi haqida xabar berilgandi. Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziriga o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish hamda mansab soxtakorligi kabi ayblovlar qo‘yilgan edi.