O‘zbekistonlik o‘rta tibbiyot xodimlari Italiyada ish boshladi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Agentlik rahbariyati Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana, Italiya Sog‘liqni saqlash vaziri Gvido Bertolazo va boshqa idoralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar yakunida mehnat migratsiyasi bo‘yicha besh yillik hamkorlik rejasi tuzildi. Unga muvofiq, 2026-yilda 3,5 ming nafar o‘rta tibbiyot xodimlari tayyorlanishi rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida Toshkent va Samarqanddan tanlab olingan 10 nafar o‘rta tibbiyot xodimi tilga tayyorgarliksiz sinov tariqasida yuqori maoshli 3 oylik ish faoliyatini Italiyada boshladi. Ular ish jarayonida italyan tilini o‘rganadi va mahalliy tibbiyot tizimiga moslashadi.
Ular O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng, kasb xususiyatidan kelib chiqib, hamkorlikda maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqiladi.
Keyinchalik Italiyada ishlash istagini bildirgan 3500 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari shu dastur asosida O‘zbekistonda o‘qitilib, Italiyaga ishga joylashtiriladi.
Pilot loyiha dasturidan O‘zbekiston va Italiya tibbiyot tizimlari o‘rtasidagi farqlarni tahlil qilish maqsad qilingan. Ish usullari taqqoslanib, kelgusida samarali integratsiya taʼminlanadi. Shuningdek, italyan tiliga ko‘nikma va ishga moslashish davri belgilanadi. Italiyalik mutaxassislar ham o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarini malakasini baholaydi.
Joriy yilning may oyida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida migratsiya va harakatlanish erkinligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangandi.
Iyunda Behzod Musayev hamda Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu mamlakat 2026-yildan o‘zbekistonliklarga 1500 ta bo‘sh ish o‘rni uchun kvota ajratilganligini ma‘lum qilgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Slovakiya viza olish tartibini soddalashtirishi mumkinligi haqida yozgandi.