Markaziy bank raisi o‘rinbosari Ayubxon Kamalov Namangan shahri hokimi etib tayinlandi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
29-oktabr kuni xalq deputatlari Namangan shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi.
Unda Namangan viloyati hokimining Anvar Otaxodjayevni Namangan shahar hokimi lavozimidan ozod etish hamda Ayubxon Kamalovni ushbu lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi qarori bir ovozdan ma’qullandi.
2020-yilning dekabridan shu kunga qadar, Kamalov Markaziy bank raisining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
U Markaziy bankning naqd pul muomalasini tashkil etish, bank tizimida uslubiy ishlarni muvofiqlashtirish, kadrlar bilan ishlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hamda tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha banklar faoliyati monitoringi hamda ma’muriy ishlar sohasidagi faoliyatiga rahbarlik qilgan.
Kamalov Ayubxon Aribjanovich 1971-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1993-yilda Sankt-Peterburg davlat agrar universiteti (Leningrad qishloq xo‘jaligi instituti) ni, 2001-yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi — muhandis-mexanik, moliya va kredit. Bank sohasida 15 yildan buyon faoliyat olib boradi.
Mehnat faoliyatini 1993-yilda Namangan viloyat hokimligi huzuridagi Istiqbolni belgilash va statistika bosh boshqarmasi mutaxassisligidan boshlagan. 1994−2017 yillarda bank va Moliya vazirligi tizimlarida turli vazifalarda ishlagan.
2017−2019 yillar davomida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi ijrochi direktori bo‘lgan.
Ayubxon Kamalov 2019-yil fevralidan Namangan viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasida, 2020-yilning mayidan esa Vazirlar Mahkamasi kotibiyat mudiri sifatida ishlagan.
Avvalroq Sardor Rajabov oliy ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangani haqida xabar berilgandi. Bungacha u maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.
