Migratsiya agentligi SMA Systema xususiy bandlik agentligiga berilgan litsenziyani bekor qildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya 5-noyabr kuni tegishli ariza topshirgan. Agentlik tomonidan shu yil aprelda berilgan O‘zbekiston fuqarolarini chet elda ishga joylashtirish litsenziyasi yetti oydan kamroq vaqt mobaynida ishlatilgan.
SMA Systema mijozlari 20-noyabrgacha kompaniya faoliyati bo‘yicha agentlikning +998712023355 (ichki 711) telefoniga murojaat yoki shikoyat qilishi mumkin.
Oktabr oyining oxirida Migratsiya agentligi ikkita kompaniya — Mirai Recruitment va Westbridge litsenziyalarini to‘xtatdi. Ikkala holatda ham bunga sabab sifatida litsenziya oluvchilarning arizalari ko‘rsatilgan.
Hozirda O‘zbekistonda bandlik sohasida 38 ta xususiy kompaniya mavjud bo‘lib, ulardan ikkitasi (World Bridge va Gate) 30-oktyabrda litsenziya olgan. 27 ta kompaniya Toshkentda, 5 tasi Samarqandda, 2 tadan Namangan va Buxoroda, bittadan Qarshi, Andijon va Angrenda faoliyat yuritmoqda.
Avgust boshida Migratsiya agentligi Adworld Group kompaniyasiga 112,5 mln so‘m jarima solganini maʼlum qildi. Firma tegishli litsenziyani rasmiylashtirmasdan chet eldagi ish o‘rinlari haqida eʼlonlar joylashtirgan, shuningdek, o‘z xizmatlarini reklama qilish uchun blogerlarni jalb qilgan.
Bir oz vaqt o‘tgach, Raqobat qo‘mitasi Adworld Group xizmatlarini reklama qilgani uchun ikkita yirik bloger — Otabek Jo‘rayev (@iwash_tashkent) va A.Abdurahmonov (@abdurahmonmufid)ga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar tuzdi. Nazorat organi ishlarni sudga yo‘naltirdi.
Avvalroq Spot Serbiya o‘zbekistonliklar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlarini ochishi haqida yozgandi.
