Avvalroq Spot 13-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyevga temir yo‘l sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillarga mo‘ljallangan rejalar haqida ma’lumot berilgani haqida yozgandi.
Kelgusi besh yilda O‘zbekistonda yo‘lovchi tashishni kengaytirish uchun 250 ta yo‘lovchi vagoni ishlab chiqarish va 23 ta shaharlararo elektropoyezd xarid qilish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston temir yo‘llari boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi.
“Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tufayli (ehtimol, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi nazarda tutilgan — Spot izohi) prezident bizga har yili 40 ta emas, balki 50 ta yo‘lovchi vagoni ishlab chiqarishni ta’minlash vazifasini topshirdi”, — deya ma’lum qildi O‘TY rahbari.
Prezident huzuridagi yig‘ilishda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori Shuhrat Vafayev ishtirok etdi.
Undan tashqari, uchrashuvda Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda transport vaziri Ilhom Mahkamov ham qatnashdi.
Zufar Narzullayev yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishni moliyalashtiradigan jamg‘arma nomiga aniqlik kiritmadi. 2023-yil iyul oyida prezident sanoat loyihalarini moliyalashtirish va mahalliy sanoatni qo‘llab-quvvatlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi huzurida yangi Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etishni ma’qullagan edi.
2024-yil mart oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodiga tashrif buyurdi. O‘shanda keng kupeli yangi turdagi vagonlar, shuningdek, kon-metallurgiya sanoati uchun maxsus vagonlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan edi. Prezidentga elektropoyezdlar va metro poyezdlari zavodi negizida ishlab chiqarish loyihasi taqdim etildi.
Aprel oyida ilgari O‘zbekiston temir yo‘llariga tegishli bo‘lgan Toshkent vagon ishlab chiqarish va ta’mirlash zavodining ustav fondidagi 90,02%lik ulush Davaktivga o‘tkazilgan. U o‘z navbatida, 2025-yil 22-yanvardagi shartnomaga muvofiq, bu ulushni Transport Engineering Center ga ishonchli boshqaruvga topshirgan.
Zavodning yangi kuzatuv kengashi tarkibiga Rossiya fuqarolari bo‘lgan Transport Engineering Center’ning besh nafar vakili kirdi. Ularning ba’zilari Rossiyaning Transmashxolding (TMX) mashinasozlik guruhi bilan bog‘liq bo‘lib, u temir yo‘l va shahar temir yo‘l transporti uchun harakatlanuvchi tarkib ishlab chiqaradi.
26-apreldan boshlab O‘zbekiston temir yo‘llari Toshkentdan Xivaga 10 ta vagondan iborat yangi poyezdni yo‘lga qo‘ydi: to‘rtta platskart vagon (har birining sig‘imi — 56 o‘rin), to‘rtta kupe vagon (36 o‘rin) va ikkita SV vagon (18 o‘rin). Poyezdning umumiy sig‘imi 396 yo‘lovchini tashkil etadi.
Poyezd yiliga 144,5 mingdan ortiq yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega. Ikki yil ichida yana 70 ta shunday vagon ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, ular bosqichma-bosqich eski yo‘lovchi poyezdlari o‘rnini egallaydi. Natijada 1 mlndan ortiq aholini tashish imkoniyati yaratiladi.
Yozda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi Rossiyaning Transmashxolding kompaniyasi bilan birgalikda temir yo‘l va metropoliten uchun harakatlanuvchi tarkib ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga kirishganini ma’lum qilgandi.
Avvalroq O‘zbekiston Xitoydan 88 ta lokomotiv xarid qiladi hamda 250 ta yo‘lovchi vagonini qurishi haqida xabar berilgandi.
