Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni Milliy statistika qo‘mitasining hisoboti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda idoralararo maʼlumot almashinuvi kengaytirilib, 60 ta integratsiya joriy etilgani natijasida hisobot yuklanmasi 27% ga qisqardi. Soliq organlarining onlayn-kassa maʼlumotlari, elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari va hosil to‘g‘risidagi maʼlumotlarni avtomatlashtirilgan holda qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.
Yig‘ilishda yalpi milliy mahsulotning nominal hajmini hisoblashni yaxshilash ishlari yuzasidan axborot berildi. Bozor xizmatlari, qurilish, qishloq xo‘jaligi, sanoat va budjet xarajatlarini statistika bilan kengroq qamrab olish natijasida qo‘shimcha 81 trln so‘m qo‘shilgan qiymat hisoblanishi natijasida 2024-yil bo‘yicha YIM hajmi $115 mlrddan $121,4 mlrdga oshdi.
Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyot ulushi 2017-yildagi 50% dan 2024-yilda 35% gacha kamaygani taʼkidlandi.
Yaqin istiqbolda yana 79 trln so‘mlik kuzatilmayotgan iqtisodiyotni statistika bilan qamrab olib, uning ulushini 29% gacha tushirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Prezident global bozorda elektron savdo hajmi jadal o‘sayotganini taʼkidladi. Mamlakatda bu sohaning o‘sish surʼatlari 9−11% ga yetishi kutilmoqda.
Shuningdek, axborot texnologiyalari va masofaviy xizmatlar, frilans kabi yangi sohalar tez rivojlanayotgani, milliy statistika tizimi oldida bu sohalarni ham qamrab olish bo‘yicha muhim vazifalar turgani ko‘rsatib o‘tildi.
Joriy yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi $36,1 mlrddan ortiq tashkil etdi. Norasmiy va yashirin iqtisodiyot hajmi yalpi ichki mahsulotning 33,3%iga yetdi.
Shuningdek, oktabr oyida O‘zbekiston hududlarida soliq tushumlari yil boshidan beri yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar tufayli 27% ga oshgani haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, 2026-yil uchun davlat budjeti loyihasida nimalar belgilanayotgani haqida yozgandi.
