28-noyabr kuni “Soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, eng yaxshi soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish maqsadida 2026-yildan “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi.
Bunda g‘oliblarni aniqlash bo‘yicha mezonlar quyidagilar:
- har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes soni;
- har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;
- har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JSHODS) to‘lovchilar soni;
- har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni va ular tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;
- mahalla fuqarolari tomonidan mol-mulk va yer soliqlarining to‘langanlik darajasi.
G‘oliblar tashabbusli budjet doirasida ketma-ket 2 marotaba g‘olib deb topilsa, navbatdagi 2 ta mavsum doirasida ularga loyiha kiritish imkoniyatini cheklash qoidasi qo‘llanmaydi.
Loyihalarni sheriklik asosida moliyalashtirishda ushbu mahallalar aholisi tomonidan loyiha qiymatining 25%i moliyalashtirilsa, loyiha g‘olib deb topiladi hamda qolgan 75%i davlat budjetidan moliyalashtiriladi.
Belgilangan mezonlar asosida har yili birinchi 100 talikka kirgan eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarning har biriga budjetdan mablag‘ ajratiladi. Bunda 2 mlrd so‘m mablag‘ tegishlicha Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi hamda faqat ushbu mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun foydalaniladi.
Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Soliq qo‘mitasi yer va mol-mulk soliqlarini to‘langanlik darajasiga qarab, eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla reytingini eʼlon qilishi ma’lum qilingandi.
Avvalroq Spot 2026-yilda birinchi marta mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trln so‘m viloyatlarning o‘ziga berilishi haqida yozgandi.
