Universal Mobile Systems mobil aloqa operatorini (Mobiuz) sotib olishda 3 nafar talabgor raqobatlashadi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini sotish jarayonining NBO (majburiyatga ega bo‘lmagan takliflar) bosqichida 10 ta xorijiy investor takliflari kelib tushgan. Xalqaro konsalting kompaniyalari — Rothschild & Co hamda KPMG tavsiyasi bilan 7 nafar talabgor yakuniy — BO (majburiyatga ega bo‘lgan qat’iy narx takliflari) bosqichiga o‘tkazildi.

Bu bosqichda talabgorlarga Mobiuz’ning moliyaviy, soliq va yuridik faoliyatiga oid tahliliy hujjatlar joylashtirilgan virtual ma’lumotlar xonasiga kirish, kompaniya faoliyati bilan tanishish va rahbariyat bilan qiziqtirgan masalalarni muhokama qilish imkoniyati berildi.

Shuningdek, ishtirokchilar kompaniyani sotib olish va uning keyingi faoliyatiga doir asosiy shartlarni belgilovchi dastlabki kelishuvni imzoladi. Joriy yilning 19-dekabriga qadar 6 nafar talabgordan majburiyatga ega bo‘lgan qat’iy narx takliflari (BO) qabul qilindi.

Takliflar tahlili asosida eng yuqori sotib olish qiymati va bitimning boshqa muhim jihatlari bo‘yicha eng raqobatbardosh shartlarni taklif etgan 3 nafar talabgor aniqlandi. Ular uchun takliflarini yaxshilash muddati 2026-yilning 23-yanvarigacha uzaytirildi.

Jarayon natijalari va keyingi bosqichlar haqida barcha ishtirokchilar alohida tartibda xabardor qilinadi. Ushbu yondashuv Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasi tomonidan ma’qullandi, Davaktiv agentligi savdo jarayoni haqida jamoatchilikni muntazam xabardor qilib boradi.

Iyun oyi boshida Mobiuz’ni xususiylashtirish boshlandi. Bloomberg nashrining bitim tafsilotlari bilan tanish bo‘lgan ikki xabardor manbasiga tayanib yozishicha, O‘zbekiston mobil aloqa operatorini $300 mlnga sotishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya haqida

Universal Mobile Systems MobiUz Mobiuz brendi ostida GSM, UMTS va 4G LTE standartlarida mobil uyali aloqa xizmatlari va mobil internet xizmatlarini taqdim etadi. 2024-yilda kompaniyaning sof tushumi 2,086 trln so‘mni, abonentlari soni esa 7,8 mln nafarni tashkil etdi.

Kompaniya O‘zbekiston va MTS o‘rtasidagi kelishuv asosida tashkil etilgan, biroq 2016-yilda rossiyalik operator o‘z ulushini sotib yuborgan. 2018-yilda Raqamli ishonch davlat jamg‘armasi, u 2021-yilda tugatilgach, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi UMS egasiga aylandi.

Shavkat Mirziyoyev 2022-yil bahorida tasdiqlangan dasturda UMS’ni xususiylashtirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Bir necha oy o‘tgach, Davaktiv agentligi kompaniyani sotish uchun konsultantlar izlashni boshlaganini e’lon qildi.

Joriy yilning aprel oyida prezident davlat aktivlarini, shu jumladan UMSni xususiylashtirish bo‘yicha yangi qarorni imzoladi. Undan biroz oldin esa Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov yaqin kelajakda mobil aloqa operatorining ulushini “xalqaro ochiq savdolarga” qo‘yish rejalarini ma’lum qilgandi.

Avvalroq Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasi SamAuto zavodini $80 mlnga sotib olgani haqida xabar berilgandi. Investor joriy haftada mablag‘larni respublika budjetiga o‘tkazdi. Shuningdek, kompaniya SamAuto‘ga $80 mln investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.