O‘zbekistonda islomiy bank to‘g‘risidagi qonun yaqin kunlarda qabul qilinadi. Bu haqda 13-yanvar kuni Markaziy bankda o‘tkazilgan media-muloqotda regulyator raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
2025-yilda Markaziy bank Islom moliyasi ta’limi xalqaro markazi (INCEIF) bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi va Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkilotiga (AAOIFI) a’zo bo‘lish uchun so‘rov yubordi. Shuningdek, islomiy moliya faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tematik loyiha ofisi tashkil etildi.
2026-yilning ikkinchi choragida Markaziy bank Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashi (IFSB) bilan 2030-yilgacha O‘zbekistonda islomiy moliya sektorini rivojlantirishga qaratilgan yo‘l xaritasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, joriy yilda islomiy banklar faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishga oid qonunosti hujjatlari qabul qilinishi, Markaziy bankda Markaziy islomiy moliya kengashi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. 2026−2027 yillarda esa islomiy moliya operatsiyalari bo‘yicha milliy standartlar ishlab chiqiladi.
Natijada Markaziy bank yangi moliya xizmatlarining kirib kelishi, qo‘shimcha muqobil turdagi omonatlar va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinishi, tadbirkorlikni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha resurslar paydo bo‘lishi, yashirin iqtisodiyot ulushining qisqarishi hamda moliyaviy ommaboplikning oshishini kutmoqda.
Yangilangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasiga ko‘ra, kamida uchta tijorat bankida islomiy moliya xizmatlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov bu davlat banklari bo‘lishini, ammo ularning ro‘yxati hali tasdiqlanmaganini ma’lum qildi. Qaror banklarining tayyorgarligi va xohishidan kelib chiqib qabul qilinadi.
“Biroq, bozorda qo‘shimcha talab yuzaga kelishi mumkin. 2030-yilga borib „islomiy darchalar“ 3 ta emas, balki 5−6 ta bankda ochilishi ehtimoli bor. Yoki bozorda bir nechta to‘liq islomiy banklar paydo bo‘lishi mumkin. Taklif mavjud, yangi va amaldagi ishtirokchilar tomonidan qiziqish yuqori. Nafaqat davlat, balki xususiy banklar ham katta qiziqish bildirmoqda. Uchta davlat bankida islomiy moliya majburiy tartibda, qolganlarida esa ixtiyoriy ravishda joriy etiladi”, — dedi u.
Bundan tashqari, Markaziy bank yaqin vaqt ichida islomiy bank to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishini kutmoqda. Hujjat kuchga kirishi uchun uni Senat ma’qullashi va prezident imzolashi kerak.
Regulyator 2030-yilgacha O‘zbekistonda kamida 10 ta to‘laqonli islomiy bank paydo bo‘lishini kutmoqda. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyevning ta’kidlashicha, an’anaviy banklarda ham “islomiy darchalar” ochiladi — bunday xizmatlarni uchta davlat bankida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Biroq u davlat banklari hali aniqlanmaganini qo‘shimcha qildi.
2025-yilning noyabr oyida Qonunchilik palatasi islomiy bank to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yubordi. Hujjat islomiy banklar uchun alohida litsenziya va oddiy banklarda “islomiy darchalar"ni ochish imkoniyatini nazarda tutadi, shuningdek, asosiy mahsulotlar — Murobaha, Muzoraba, Mushoraka, Vakala va Salam kabi operatsiyalarning asosiy jihatlarini belgilaydi.
Spot bilan suhbatlashgan mutaxassislar, shuningdek, islomiy bankingni joriy etish moliyaviy faollikni oshiradi va iqtisodiyotga katta miqdordagi ichki mablag‘larni jalb qiladi, deb hisoblaydi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda oltin quymalari narxi ikkinchi kun rekordlarni yangilayotgani haqida yozgandi.
