O‘zbekistonda muddatli to‘lovlarni tartibga solish bo‘yicha alohida qonun tayyorlanadi. Bu haqda 13-yanvar kuni Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov media-muloqotda ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyato tartibga solishni rejalashtirmoqda va bu yo‘nalishda hukumat vakillari bilan birgalikda ish boshlagan.
Birinchi qadam sifatida Markaziy bank standartlarni ishlab chiqdi va ularni soha uyushmalariga topshirdi, ular esa joriy etishga kirishdi.
“Keyingi bosqichda alohida qaror va alohida qonun ishlab chiqish hamda qabul qilish rejalarimiz bor. Biz allaqachon ichki jarayonlar doirasida ish boshladik. Markaziy bank tomonidan bo‘lib-bo‘lib to‘lashni tartibga solishni bosqichma-bosqich boshlashni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Sanjar Nosirov.
Markaziy bank raisi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, muddatli to‘lovni tartibga solish doirasida regulyator aholining ortiqcha qarz yuki shakllanayotganidan eng ko‘p xavotirda.
Shu munosabat bilan Markaziy bank bir qator chora-tadbirlarni, jumladan, kredit byurosiga muddatli to‘lov to‘g‘risidagi ma’lumotlarni majburiy taqdim etishni boshladi.
Keyingi bosqichda regulyator xizmatlarrni qarz oluvchilarning qarz yukini hisobga olishga majbur qilishni rejalashtirmoqda.
Buning uchun bozor ishtirokchilari kredit byurolaridan ma’lumotlarni so‘rashlari, qarz yuki ko‘rsatkichini (PDN) hisoblashlari va belgilangan limitlarga rioya qilishlari kerak bo‘ladi.
Muddatli to‘lovni tartibga solish
BNPL (Buy Now, Pay Later — “hozir sotib ol, keyin to‘la”) sektorini tartibga solish rejalari haqida Markaziy bank ilk bor 2025-yil yanvarida ma’lum qilgan edi. May oyida MB raisi Timur Ishmetov idora hozircha nazoratga olinmagan, ammo allaqachon “muayyan xavflar” tug‘dirayotgan segmentlar o‘sib borayotganidan xavotirda ekanligini yana bir bor ta’kidladi.
Iyun oyidagi Senat majlisida u regulyator taklifini tasdiqladi: muddatli to‘lov shartnomalari bo‘yicha ma’lumotlarni kredit byurolariga uzatish va ular bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni oshkor etish majburiyatini qonunchilikda mustahkamlash taklif etilmoqda.
Oktabr oyida Markaziy bank muddatli to‘lov bozori ishtirokchilari uchun Etika kodeksi loyihasini e’lon qildi. Qarzdorlik yuklamasi oshib ketishining oldini olish maqsadida, regulyator bo‘lib-bo‘lib to‘lashni faqat 18 yoshdan oshgan fuqarolarga taqdim etishni taklif qilmoqda. Yangi mijozlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda asosiy ma’lumotlar yig‘ilishi lozim: FIO, tug‘ilgan sana, PINFL, telefon raqami, yashash manzili va fuqaroligi.
Ro‘yxatdan o‘tgach, har bir yangi mijozga 2 mln so‘m miqdorida boshlang‘ich bo‘lib to‘lash limiti beriladi. Uni oshirish uchun qarz yuklamasi ko‘rsatkichi (PDN) hisoblanadi, u 50% dan oshmasligi kerak. Markaziy bank taklifiga ko‘ra, qarz oluvchilar bo‘lib to‘lash bo‘yicha to‘lovlarga rasmiy daromadining yarmidan ko‘pini yo‘naltira olmaydi.
Agar mijoz to‘lovlar yoki jarimalarni kechiktirsa, ularga qo‘shimcha sanksiyalar (murakkab foizlar) hisoblanmaydi. Oldin olingan qarzlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud bo‘lsa, mijozga yangi bo‘lib-bo‘lib to‘lash rad etiladi. Bo‘lib to‘lash bo‘yicha ortiqcha to‘lovning maksimal miqdori asosiy qarzning 50%igacha cheklanishi mumkin.
Bundan tashqari, mijozlar qarzni muddatidan oldin jarima va penya to‘lamasdan to‘liq yopish huquqiga ega bo‘ladilar.
Avvalroq Markaziy bank O‘zbekistondagi banklar islomiy moliyaga katta qiziqish bildirayotgani haqida xabar bergandi.
Islomiy banklar to‘g‘risidagi qonun yaqin vaqt ichida qabul qilinishi kutilmoqda. Markaziy bank esa sohani 2030-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqadi.
