13-yanvar kuni prezident pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risidagi qonunni (O‘RQ-1111-son) imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, pirotexnik tarkibning yonishi (portlashi) yordamida optik, akustik, elektr va boshqa vizual effektlarni hosil qilish uchun mo‘ljallangan qurilmalar pirotexnika buyumlaridir.

Pirotexnika buyumlari ularning xavflilik zonasi, shu jumladan atrofdagi fazoning zararlanish darajasidan kelib chiqib, xavflilikning I-V sinflariga bo‘linadi.

Xususan, O‘zbekistonda xavflilikning birinchi sinfiga kiruvchi pirotexnika buyumlarini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, mamlakatga olib kirish, tashish, o‘tkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Xavflilikning II-V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarining muomalasi esa taqiqlanadi. Biroq, ularni davlat ishtirokidagi mudofaa sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish va o‘tkazishga ruxsat beriladi. Shuningdek, xavflilikning III-V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlaridan ommaviy tadbirlardagi mushakbozliklar uchun foydalanish mumkin.

Senatning 2025-yil noyabrida o‘tkazilgan o‘n birinchi yalpi majlisida ushbu qonun maʼqullangandi.

Unda xavflilikning I toifasiga kiruvchi pirotexnika vositalari sifatida bengal mayoqchalari, stol fontanlari, xlopushka kabi xavfli hudud radiusi 0,5 metrdan oshmaydigan buyumlar ekanligi aytilgan edi.

Xavflilikning II toifasiga petardalar, ochiq maydonlarda foydalanishga mo‘ljallangan pirotexnik fontanlar kabi xavfli hudud radiusi 5 metrgacha bo‘lgan pirotexnika buyumlari kiradi. Bundan tashqari:

  • xavflilikning III toifasiga — xavfli hudud radiusi 20 metrdan oshmaydigan pirotexnik sharlar, mushakbozlik batareyalari kabi qurilmalar;
  • xavflilikning IV toifasiga — xavfli hudud radiusi 20 metrdan yuqori bo‘lgan park feyerverklari, balandlikda foydalaniladigan feyerverklar va boshqalar;
  • xavflilikning V toifasiga kiruvchi pirotexnika buyumlari gidrometeorologik, qutqaruv va boshqa maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan buyumlar, jumladan, raketalar, signal mash‘allari, temir yo‘l petardalari kiradi.

Pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazorati Milliy gvardiya, ichki ishlar va bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan 3 oy o‘tgach — 14-apreldan boshlab kuchga kiradi.


Avvalroq zargarlik buyumlarining noqonuniy aylanmasini kamaytirishga qaratilgan qonun loyihasi maʼqullangandi.