Sovuq havo fonida O‘zbekistonning ayrim hududlarida elektr energiyasi va gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkin. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik 16-yanvardan boshlab mamlakatda havo harorati keskin pasayishi kutilmoqda. Shundan kelib chiqib, yoqilg‘i-energetika tizimi sovuq ob-havo sharoitida barqaror ishlashi uchun tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
Elektr, issiqlik va gaz tarmoqlarida qo‘shimcha texnik ko‘riklar o‘tkazilib, ishlab chiqarish va yetkazib berish quvvatlari mavjud sharoitga moslashtirildi. Mas’ul xizmatlar 24/7 rejimida ish olib bormoqda.
“Sovuq kunlarda energiyaga bo‘lgan talab ortadi. Ayrim hududlarda vaqtinchalik texnik cheklovlar bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda aholi va ijtimoiy obyektlarni barqaror ta’minlash ustuvor vazifamiz bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Energetika vazirligi iste’molchilardan elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda isitish uskunalaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni so‘ramoqda.
Uy-joylarda issiqlikni saqlash orqali energiyani tejash mumkinligi, isitish uskunalarini qarovsiz qoldirmaslik va ulardan foydalanishda xonani shamollatib turish zarurligi eslatildi.
Shu bilan birga, dudburon va ventilyasiya tizimlarining ishlash holati muntazam tekshirib turilishi shart. Is gazidan zaharlanishning oldini olish uchun yopiq xonalarda ochiq olov yoki nosoz isitish qurilmalaridan foydalanmaslik, imkon qadar is gazini aniqlovchi uskunalardan foydalanish tavsiya etildi.
Elektr ta’minoti bo‘yicha murojaat va takliflarni 1154, gaz ta’minoti bo‘yicha esa 1104 va 104 qisqa raqamlari orqali yuborish mumkin.
O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, bugun kunduz va shanba kuniga o‘tar kechasi O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik (yomg‘ir yog‘adi, asta-sekin qorga aylanadi) bo‘ladi. Kunduzi havo harorati +5…+8 daraja, shanba va yakshanba kunlari +0…+5 daraja, kechasi esa −3 dan +2 darajagacha bo‘ladi.
2026-yilning 8-yanvaridan boshlab mamlakatdagi metan “zapravka"lar soat 10:00 dan 16:00 ga qadar faoliyat yuritmoqda. Farg‘ona vodiysidagi “zapravka"larning ish vaqti esa hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimidan kelib chiqib belgilanadi.
Avvalroq Spot o‘zbekistonliklar energiyani qanday tejayotgani haqida ITIM tadqiqoti natijalari haqida yozgandi.
