O‘zbekiston bank tizimini isloh qilishning eng murakkab bosqichlariga o‘tmoqda. Bu haqda 13-yanvar kuni o‘tkazilgan media-muloqotda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov ma‘lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.

Joriy yilda Markaziy bankning institutsional salohiyatini mustahkamlash maqsadida ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilgan.

Regulyatorning 2026-yilga mo‘ljallangan boshqa rejalari orasida:

  • aktivlar tasnifini Bazel standartlari va Moliyaviy hisobotning 9-son xalqaro standartiga to‘liq muvofiqlashtirish;
  • tijorat banklari moliyaviy hisobotlarining MHXSga to‘liq muvofiqligi;
  • Moliyaviy barqarorlik kengashini tashkil etish;
  • banklarda korporativ boshqaruvga qo‘yiladigan talablarni takomillashtirish;
  • bank xizmatlari va operatsiyalari autsorsingiga doir talablarni belgilash;
  • banklarni litsenziyalashda biznes-rejalarni baholash mezonlarini ishlab chiqish.

2027-yilda Bazel III (ICAAP va ochiqlik) standartlariga to‘liq o‘tish, shuningdek, banklarni sanatsiya qilish mexanizmi va omonatlarni kafolatlash tizimini to‘liq joriy etish kutilmoqda.

Kelgusi yilda konsolidatsiyalashgan nazorat mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Banklarning risk profiliga qarab, kapitalga ustamalar joriy etiladi.

Shuningdek, banklar va banklar guruhlarida risklarni boshqarish tizimlarini takomillashtirish, ularning moliyaviy barqarorligini tiklash mexanizmlarini ishga tushirish va Markaziy bankning tahliliy axborot tizimini to‘liq integratsiya qilish ko‘zda tutilgan.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov bank faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish sohasidagi kelgusi yillarga mo‘ljallangan rejalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

“2026−2027-yillarga mo‘ljallangan rejalar haqida gapiradigan bo‘lsak, biz islohotlarning eng qiyin bosqichlariga yaqinlashdik va tobora ko‘proq sifatga e‘tibor qaratmoqdamiz. Banklar o‘z tizimlarini to‘g‘rilashi uchun biz ular bilan ko‘proq ishlashimiz kerak. Xususan, MHXSga o‘tish va aktivlarni Bazel III standartlari asosida baholash rejalashtirilgan — bu joriy yilning eng muhim ishi bo‘ladi”, — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

2025-yil 12-dekabr kuni Markaziy bank O‘zbekistonda ilk bor XVJ va Jahon banki tomonidan o‘tkazilgan moliya sektorini baholash dasturi yakunlari haqida ma‘lum qildi. Tahlil natijalari bilan havola orqali batafsil tanishish mumkin.

Joriy yilda O‘zbekiston moliya sektorini Bazel qo‘mitasining samarali bank nazorati bo‘yicha 29 ta asosiy tamoyiliga to‘liq moslashtirish rejalashtirilgan.

Buning uchun prezident tijorat banklarini MHXSga o‘tkazish, Bazel III standartlarini joriy etish, hukumat va Markaziy bank ishtirokida Moliyaviy barqarorlik kengashini tuzish bo‘yicha topshiriqlar berdi.


Avvalroq Spot Markaziy bank Yangi bank’dan bank litsenziyasini qaytarib olgani haqida yozgandi.